O‘zbekiston delegatsiyasining Ispaniyadagi amaliy uchrashuvlari boshlandi

15-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Madrid shahrida Ispaniya Penitensiar muassasalari Bosh kotibiyati (SGIP) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan – Milliy markaz, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi vakillari hamda Jazoni ijro etish departamentining 35 va 24-sonli manzil koloniyalari boshliqlaridan iborat delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.

Ispaniya tomonidan – Penitensiar muassasalar Bosh kotibi Luis Ortiz Gonsalez, Bosh direktor Migel Anxel Visente Suyensa hamda Bosh kotibiyat vakili Fernando De Lasala Porta va boshqalar muloqotda qatnashdi.

Uchrashuv avvalida Bosh kotib Luis Ortiz Gonsalez Ispaniya jazoni ijro etish qonunchiligi va tizimi, ushbu sohada so‘nggi 50-yilda amalga oshirilgan islohotlar, Ispaniyaning jazoni ijro etish sohasida Yevropa Ittifoqida tutgan o‘rni xususida ma’lumot berdi.

Muloqot asnosida ta’kidlanganidek, bugungi kunda Ispaniyada 100 ming kishiga 116 nafar mahkum to‘g‘ri keladi va ushbu ko‘rsatkich boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan ancha past. Ispaniyadagi jazoni ijro etish muassasalarida 60 ming atrofida mahkum saqlanayotgan bo‘lib, ayni muassasalarning 80 foizi (Yevropa Ittifoqida bu ko‘rsatkich  90 foiz) mahkumlar bilan band va qariyb 12 ming joy bo‘shdir. Jinoyatchilikning ayniqsa yosh avlod o‘rtasida pastligi va takroriy (retsediv) jinoyatchilikning 1 foizga pasayishida muqobil choralarning o‘rni muhim ekanligi qayd etildi.

Shundan so‘ng, D.Muratova O‘zbekiston delegatsiyasiga Ispaniya jazoni ijro etish tizimi va sohadagi ilg‘or tajriba bilan tanishish imkoniyatini taqdim etganlari uchun Bosh kotibiyat vakillariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda jazoni ijro etish sohasida amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan yutuqlar bilan Ispaniya tarafini tanishtirdi.

Uchrashuvda Ispaniya Penitensiar muassasalari Bosh direktori Migel Anxel Visente Suyensa delegatsiya a’zolariga Ispaniya jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni saqlash, o‘qitish va ularga yaratilgan boshqa sharoitlar haqida so‘zlab berdi. Mehmonlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Uchrashuv ikki tomoni uchun ham manfaatli ruhda o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Ispaniya Penitensiar muassasalari Bosh kotibiyati mamlakat Konstitutsiyasida nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun jazoni ijro etish muassasalariga ko‘maklashish, boshqarish va nazorat qilish bilan bog‘liq vakolatlarni amalga oshiradi. Bosh kotibiyat 1996-yili Adliya vazirligidan olinib, Ichki ishlar vazirligi tizimiga kiritilgan. Ushbu tuzilma 2008-yilda Hukumat qarori bilan takomillashtirilib, unga Bosh kotibiyat maqomi berilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech