Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar himoyasini yanada rivojlantirish

17-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Fakultativ protokolini O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilinishi yo‘lida" mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizning ushbu xalqaro hujjatga qo‘shilishining huquqiy va institutsional jihatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminar avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidovning tadbir ishtirokchilariga videomurojaati namoyish etildi. O‘zbekiston vakili o‘z so‘zida, jumladan, mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili M.Bogner onlayn tarzda so‘zga chiqdi. U,  o‘z navbatida, fuqarolarning inson huquqlarini himoya qilish xalqaro mexanizmlaridan foydalanishini ta’minlashda Fakultativ protokolning roli xususida to‘xtaldi.

Tadbirning birinchi sessiyasi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va unga Fakultativ protokolning mazmun-mohiyatini batafsil tahlil qilishga bag‘ishlandi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi A.Yatsevich yakka tartibdagi shikoyatlarni taqdim etish mexanizmlari haqida batafsil so‘z yuritib, davlatlarning ushbu hujjatlar doirasidagi majburiyatlari bilan bog‘liq eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar qaytardi.

Seminarning ikkinchi qismida ekspertlar O‘zbekistonning ayni hujjatni ratifikatsiya qilish uchun hozirgi vaqtda huquqiy va institutsional jihatdan tayyorgarligini baholadilar.

Bu xususda Milliy markaz yetakchi mutaxassisi N.Sultonov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati vakili G‘.Aydarov, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limining O‘zbekistondagi milliy dasturlari muvofiqlashtiruvchisi I.Fayzullin ma’ruza qildi. Ma’ruzachilar milliy qonunchilikni har tomonlama tahlil qilib, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha xalqaro standartlarni implementatsiya qilish sohasida erishilgan natijalarni qayd etdilar.

Uchrashuvning amaliy qismi Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilish bo‘yicha milliy "Yo‘l xaritasi" loyihasini ishlab chiqishga qaratildi. BMT eksperti A.Yatsevich boshchiligida ishtirokchilar kichik guruhlarda muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib bordi.

Ekspertlar zarur qonunchilik va protsessual qadamlarni, institutsional salohiyatni oshirish masalalarini batafsil ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, maslahatlashuvlar o‘tkazish va fuqarolik jamiyatini ushbu jarayonga jalb qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Seminar yakunida guruhlar ishlari sarhisob qilindi va keyingi qadamlar belgilab olindi. Ishtirokchilar tomonidan Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilish bo‘yicha tizimli harakatlar rejasini yaratish O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda muhim bosqich ekanligi va fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga yordam berishi alohida ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech