Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiya va ortiqcha byurokratiyaga butunlay barham beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratilishi qayd etildi. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimi rivojlantiriladi.

Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i Eldor Mahkamov shu yo‘nalishdagi ishlar haqida ma’lumot berdi: 

– Davlat xizmatlari markazlari davlatimiz tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan. Har qanday xizmat bir binoda, bir joyda. Endi avvalgidek idorama-idora yurishga aslo hojat yo‘q.

Davlatimiz rahbari bu sohani yurtdoshlarimiz uchun yanada qulay maskanga aylantirish bo‘yicha Murojaatnomada yangi tashabbuslarni ilgari surdi va tizim rahbariyatiga topshiriqlar berdi. 

Endilikda  davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha qattiq ish olib boriladi. 

Aytib o‘tish kerakki, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 750 dan ortiq davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hamda 500 dan ortig‘ini davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatish tartibi joriy etildi.

Hozirgi vaqtda 90 dan ortiq davlat xizmati proaktiv va kompozit shakllarda ko‘rsatilmoqda. Bunda, vazirlik va idoralar fuqaroning murojaatini kutmasdan, o‘z tashabbusiga asosan proaktiv shaklda davlat xizmatini ko‘rsatmoqda. Xususan, 2025 yil 1 martdan fuqarolarga yoshga doir pensiya fuqarolarning murojaatisiz tayinlanmoqda.

Qolaversa, 30 ga yaqin davlat xizmatining natijasini Yagona portal orqali real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratildi. 60 dan ortiq davlat xizmatini ko‘rsatish funksiyasi xususiy sektorga o‘tkazildi.

Aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan 150 turdagi ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilindi. Adliya vazirligi tomonidan ushbu sohani yanada rivojlantirish va byurokratik tartibotlarni qisqartirish maqsadida kelgusida bir qator tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar soni 900 taga yetkaziladi. Proaktiv va kompozit xizmatlar soni 120 ta bo‘ladi.  

FHDYO organlari, tibbiyot muassasalari va sudlar o‘rtasida hujjat almashinuvini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, aholi gavjum joylar va mahallalarni bosqichma-bosqich 1,1 ming interaktiv kiosk bilan ta’minlash, ishonchnoma berish va vakillikni tasdiqlash bo‘yicha “Vakolat.uz” platformasini ishga tushirish, axborot va maslahat xizmatlarini sun’iy intellekt vositasida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda. 

“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida yettita davlat xizmati ko‘rsatiladi. 

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholiga qulaylik yaratish maqsadida barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, sohada korrupsiya va ortiqcha byurokratiyaga butunlay barham beriladi

Norgul Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech