2026-yilgi Davlat dasturida Inson huquqlari bo‘yicha Beshinchi Samarqand forumini o‘tkazish belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 16-fevralda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmon  imzolandi. Farmon bilan tasdiqlangan Islohotlar dasturlari hamda Davlat dasturi davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026 yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan. 

Islohotlar dasturlari to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan mas’ul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilandi.

O‘z navbatida, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida mazkur Strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Joriy yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida 2026-yil davomida ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari ro‘yxatining 4-bandida “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini ishlab chiqish belgilangan.

Davlat dasturi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasining 266-bandida esa Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumini o‘tkazish ko‘zda tutildi.

Har ikki band ijrosi uchun asosiy mas’ul etib Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz (A. Saidov) belgilandi.

Shuni ham qayd etish kerakki, navbatdagi Samarqand Forumi BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60-yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumot uchun: Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi 2018-yildan boshlab an’anaviy tarzda har ikki yilda tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda. Forumning tashkilotchilari Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 9-oktyabrda “Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi konsepsiyasi va inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumini o‘tkazish reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. Bu hujjat O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 22-iyundagi "Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

 Samarqand forumining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish;

  • O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlari va tashabbuslarini muhokama qilish, mamlakatning xalqaro obro‘-e’tiborini mustahkamlash;

  • xalqaro hamjamiyatning inson huquqlariga rioya etilishida sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish;

  • ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar huquqlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech