“Ayol borki, Olam munavvar!”
Mamlakatimizda mo‘tabar ayol zotiga ulkan ehtirom ko‘rsatish, davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish borasida izchil siyosat olib borilmoqda. Kuni kecha Prezidentimiz Farmoni asosida ana shu keng ko‘lamli islohotlar jarayonida faol qatnashib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida alohida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, yoshlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarning bir guruhiga yuksak davlat mukofotlari berildi.

Jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishi va farovonligini mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan peshqadam xotin-qizlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari orasida ham ko‘plab topiladi va ular munosib ravishda rag‘batlantirib borilmoqda. Milliy markaz xodimi Nonna Safarova yaqinda “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani bunga yaqqol misoldir.
5-mart kuni Inson huquqlari uyida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Ayol borki, Olam munavvar!” mavzusidagi madaniy tadbirning ochilishida shu haqda so‘z bordi. Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari, hamkor tashkilotlardan mehmonlar hamda teatr va san’at vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni himoya qilish – qadim-qadimdan erkaklar uchun sha’n va g‘urur masalasi bo‘lib kelgani haqida alohida to‘xtalgani bejiz emas. Binobarin, bugungi kunda yurtimiz xotin-qizlari – o‘z xonadonining fayzu farishtasi bo‘lgan ayollarimiz jamiyat va davlat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarda ham faol ishtirok etmoqda.
Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilgani tufayli ham muhim samaralar qo‘lga kiritilmoqda. Bu borada 2026-yil 16-fevralda O‘zbekiston Prezidentining «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani alohida ahamiyatga ega.


“O‘zbekiston–2030” strategiyasining 25-maqsadi oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashdan iborat. Yana bir muhim hujjat – 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasi ham hayotga keng tatbiq etilmoqda.
Tadbirda Milliy markaz vakillari va mehmonlarining bayram tilaklari yangradi. Xotin-qizlarga sovg‘alar ulashildi.

Iste’dodli san’atkor, bir qator xalqaro va milliy qo‘shiqchilik tanlovlari g‘olibi Sardor Shavkatovning jo‘shqin qo‘shiqlari davraga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский