“Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 6-mart kuni “2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu hujjat so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlarga mos holda, ma’no-mazmuni tobora chuqurlashib borayotgan Navro‘z ayyomini barcha shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda umumxalq sayli sifatida, yuksak tashkiliy saviyada va ko‘tarinki ruhda nishonlash maqsadida qabul qilindi.

Qarorda ta’kidlanganidek, “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida ulkan qadamlar tashlanmoqda. Bularning barchasi qadimiy tarix va an’analarga ega bo‘lgan sharqona yangi yil bayrami – Navro‘zi olamning insonparvarlik mohiyati, uning bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda”.

Qarorga muvofiq, 2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Bu yilgi Navro‘zning muborak Ramazon hayitiga hamohang tarzda nishonlanishi ushbu bayramlarning insonparvarlik tamoyillarini yanada yuksaltiradi. Binobarin, shu kunlari “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar holidan xabar olinadi.

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan tadbirlar amalga oshiriladi. “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyalari, umumxalq hashari tashkil etiladi. Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayli bo‘lib o‘tadi.

Muhimi, bayram tadbirlari borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni tinch va osuda hayotimizni qadrlab, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanib, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga chorlaydigan ta’sirchan mazmun va shaklda o‘tkaziladi. Bunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, o‘zaro birlik va hamjihatlik fazilatlari Navro‘z kunlarida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘lishini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu maqsadda Navro‘z bayramini munosib nishonlash bo‘yicha “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturi tasdiqlanadi hamda izchil amalga oshiriladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech