O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining 70-yubiley sessiyasida ishtirok etmoqda

AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining 70-yubiley sessiyasida senator Gulnora Marufova, Oliy sud, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbarlarining o‘rinbosarlaridan tarkib topgan O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Ushbu nufuzli forumda BMTga aʼzo davlatlar parlament aʼzolari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashmoqda.

Ayollar va qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollarning siyosat va iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytirish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning ayollar huquqlariga taʼsiri BMT yubiley sessiyasining asosiy mavzusiga aylandi.

Sessiyaning tantanali ochilishi marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ayollar huquqlari sohasidagi biron-bir yutuq o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini – har bir oldinga tashlangan qadam faollar, huquq himoyachilari va jamoat harakatlarining uzoq davom etgan kurashi natijasi ekanligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

“BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus o‘z chiqishida esa gender tenglikni qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlarning hukumatlari va tashkilotlari vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish va odamlar hayotini yaxshilash uchun yetarli darajada kuchli taʼsirga ega ekanligini qayd etdi.

Anjuman doirasida barcha ayollar va qizlarning odil sudlovga bo‘lgan huquqini taʼminlash va kengaytirishga qaratilgan qonunlarga urg‘u berildi. Bu, birinchi navbatda, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish hamda tizimli to‘siqlarni yo‘q qilish orqali inklyuziv va adolatli huquqiy tizimlarni shakllantirishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish, tizimli to‘siqlarni bartaraf etishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi interaktiv muloqotda ham ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech