Qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlar ishtirokini oshirish

14-aprel kuni Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash huzuridagi Xotin-qizlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash makonida barqaror rivojlanish yo‘lida xotin-qizlar o‘rnini kuchaytirish” mavzusidagi xalqaro anjuman doirasida o‘tkazildi. Yig‘ilishda ushbu Kengashga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyatining yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash huzuridagi Xotin-qizlar kengashi a’zo davlatlarning gender masalalarini ilgari surish hamda xotin-qizlarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish borasidagi hamkorligini rivojlantirish, tajriba almashish va sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgan maslahat platformasi sifatida tuzildi.

Birinchi yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova so‘zga chiqib, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi milliy tajriba bilan o‘rtoqlashdi. U o‘z nutqida gender tenglikni ta’minlash, ayollar yetakchiligini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan izchil davlat siyosatining ahamiyatini alohida ta’kidladi.

“Xotin-qizlarning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish – bu nafaqat tenglik masalasi, balki jamiyatlarimizning barqaror rivojlanishi, mustahkamligi va kelajagiga kiritilgan strategik sarmoyadir”, – deb qayd etdi D. Muratova.

Yig‘ilish ishtirokchilari hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xotin-qizlar rolini oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, ayollar tadbirkorligi va innovatsiyalarini rivojlantirish, raqamli transformatsiyada ayollarning ishtirokini hamda ekologik barqarorlikka erishish va iqlim muammolarini hal etishda xotin-qizlarning hissasini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Kengash doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan a’zo davlatlarning kelishilgan yondashuvlarini aks ettiruvchi maslahat hujjati qabul qilindi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash huzuridagi Xotin-qizlar kengashining tuzilishi va ish boshlashi mazkur Tashkilotning institutsional taraqqiyotida muhim bosqich bo‘lib, Osiyo mintaqasida xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini tizimli ravishda ilgari surish uchun yangi ufqlarni ochadi. Ushbu mexanizm o‘zaro muloqot qilish, birgalikda yechimlar ishlab chiqish va amaliy tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish uchun samarali platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashga a’zo davlatlarning yangi Kengash ilk yig‘ilishida faol ishtirok etgani, o‘z navbatida, ular barqaror taraqqiyot, tinchlik va xavfsizlikning asosiy omili sifatida xotin-qizlar rolini mustahkamlashga sodiq ekanligini tasdiqlaydi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech