Buxoro: qiynoqqa qarshi kurashish mavzusidagi o‘quv kursida 73 nafar tinglovchi qatnashmoqda

16-aprel kuni Buxoro shahrida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi boshlandi.

Ikki kunlik ushbu mashg‘ulotlarda Buxoro viloyati sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 73 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etmoqda. Tadbirda asosiy e’tibor BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, mamlakatimizda qiynoqlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi haqida atroflicha to‘xtaldi. Har bir shaxsning huquq va erkinliklari Konstitutsiyada mustahkamlangani va ularni hayotga tatbiq etish barcha davlat organlari uchun ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Ma’ruzalarda alohida urg‘u berilganidek, qiynoqqa qarshi kurash – faqat yuridik yoki huquqiy vazifa emas. Bu – insonning qadr-qimmatini hurmat qilish, uning shaxsiy daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan ma’naviy va axloqiy majburiyatdir. Har bir xodim fuqarolarning huquqlarini himoya qilish borasida shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Inson huquqlari sohasidagi mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida o‘tkazilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech