Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan qaror

Joriy yil 24-aprelda Vazirlar Mahkamasining «2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bundan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi «Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash  hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini takomillashtirib borish orqali aholining barcha qatlamlarining huquqiy savodxonligiga erishishdir.

Qaror bilan 2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (Dastur) tasdiqlandi.

Dastur doirasida “Onlayn-mahalla” platformasi va “mahalla yettiligi” ko‘magida aholi muammolarini tahlil qilib, dolzarb masalalarga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar (annotatsiya, video, infografika, bukletlar) ishlab chiqiladi.

Yil yakunida aholining murojaatlari asosida “TOP-100 huquqiy tavsiya” to‘plami shakllantirilib, video, infografika va podkastlar tayyorlanadi. Yangi qonunchilik hujjatlarini mutaxassislar ishtirokida intervyu, podkast va videolar orqali sodda tushuntiruvchi materiallar “AdliyaTV”da joylashtiriladi.

Qarorda belgilanganidek:

  • davlat organlari va tashkilotlarida o‘z faoliyati sohasiga oid huquqiy axborotlarni aholiga yetkazish faoliyatini tashkil qilish hamda muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘linmalar belgilanadi;

  • davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari hamda islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish darajasi va sifati ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi;

  • Dasturda belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi hamda natijasi bo‘yicha ma’lumotlar har chorak yakunida Adliya vazirligiga taqdim etib borilishi uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech