Milliy markaz va Odil sudlov akademiyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi

30-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Odil sudlov akademiyasi professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari, Milliy markaz xodimlari va doktorantlari ishtirok etdi.

 Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ochar ekan, mazkur Memorandumni imzolashdan ko‘zlangan maqsad-vazifalar haqida muxtasar to‘xtaldi.

Bunda, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi o‘quv dasturlari, o‘quv-metodik va normativ materiallarini ishlab chiqishda, yangi avlod sudyalari va sud tizimi xodimlari faoliyatida inson huquqlarini himoya qilishga oid fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirishda, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqishda yaqindan hamkorlikni amalga oshirish asosiy maqsad hisoblanishi ta’kidlandi.

Odil sudlov akademiyasi kurslarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ichki ishlar organlari faoliyatiga oid inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar” o‘quv modullarini o‘qitish tizimini joriy etish, o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy ta’limni, o‘qitish va treninglarning interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish kabi masalalar haqida ham so‘z yuritildi.

Memorandumni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori Sherzod Abduqodirov imzoladilar.

Tadbir doirasida Vazirlar Mahkamasining 2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi. Bu borada kutubxonalar faoliyatini yanada rivojlantirish, ayniqsa, muhim ekaniga e’tibor qaratildi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi kutubxonasi fondi uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr ettirilgan 190 dan ortiq huquqiy adabiyot va qo‘llanmalar taqdim etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murod Turg‘unov ishtirok etdi hamda so‘zga chiqdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech