Milliy markaz xodimlari Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildilar

29-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qildilar. Ushbu  ma’rifiy sayohat Milliy markazning Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazidir.  Davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi asosida barpo etilgan ushbu muazzam maskan O‘zbekistonning boy ma’rifiy salohiyati, tarixi, ilmiy-ma’naviy, madaniy merosini o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor.  

Shonli tariximiz va Yangi O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lgan ushbu maskanda hamkasblarimiz boy ma’naviy va ilmiy merosni mamlakatning zamonaviy intilishlari bilan bog‘laydigan jarayonlar bilan tanishdilar. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining Shon-sharaf zali, Qur’oni Karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi bo‘lgan So‘g‘d zali, “Bag‘rikenglik” maydonini tomosha qildilar.

Milliy markaz xodimlari, shuningdek, Shon-sharaf zalida joylashgan 14 ta ravoqda Markaziy Osiyo xalqlari tarixidagi muhim voqealar tasvirlangani guvohi bo‘ldilar. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar tarixni jonli muloqotga aylantirganini ko‘rib, hayratlandilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yaratilgan raqamli platformada esa yuzdan ortiq buyuk mutafakkir va olimlarning ekranlarda “jonlanib”, o‘z g‘oyalari va kashfiyotlari haqida so‘zlaganlari barchada unutilmas va yorqin taassurot qoldirdi.  

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech