“Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi yakunlari bo‘yicha “Toshkent tashabbusi” qabul qilindi
Poytaxtimizda 14-may kuni “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjuman Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.
Forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish” mavzusiga bag‘ishlandi. Uning ishida Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning yetakchi ekspertlari, ilmiy, davlat hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir nihoyasida yakuniy hujjat – “Toshkent tashabbusi” qabul qilindi. Unda tomonlarning inson huquqlari, barqaror rivojlanish va gumanitar hamkorlik sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishi mustahkamlandi.
Forum BMTning Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyasi 40-yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etdi. Shu munosabat bilan ishtirokchilar rivojlanish huquqi insonning fundamental huquqlaridan biri ekanini, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish esa inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning eng muhim sharti ekanligini tasdiqladilar.
“Toshkent tashabbusi”da aholi turmush sifatini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, qishloq xo‘jaligi, yashil energetika va bandlikni rivojlantirish maqsadida Xitoy hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Forum ishtirokchilari ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Hujjatda atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash, “yashil” va kam uglerodli rivojlanishni ilgari surish, shuningdek, fuqarolarning qulay atrof-muhitga va sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqini ta’minlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar muhimligi ta’kidlandi.
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda sun’iy intellektdan inson manfaatlari yo‘lida foydalanish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Forum qatnashchilari raqamli tafovutni qisqartirish, yangi texnologiyalarni qo‘llashning salbiy oqibatlari oldini olish hamda ulardan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishni ta’minlash zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, mintaqa davlatlarining tarixiy, madaniy va ijtimoiy xususiyatlarini inobatga olgan holda, inson huquqlarini rivojlantirishning milliy modellarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi tasdiqlandi. Tomonlar sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash va gumanitar hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi.
Hujjatda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari, jamoat tashkilotlari, universitetlari, tahliliy markazlari, ommaviy axborot vositalari, ishbilarmon doiralari hamda yoshlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash nazarda tutildi.
Forum ishtirokchilari inson huquqlari sohasida muloqot qilish, tajriba almashish va birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun doimiy xalqaro platforma sifatida “Xitoy – Markaziy Osiyo” forumining institutsional rivojlanishiga ko‘maklashishga tayyor ekanini tasdiqladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский