Yangi O‘zbekiston – 2025-yilda: inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik natijalari
O‘zbekiston 2025-yilda xalqaro maydonda faol tashabbuskor davlat sifatida o‘z mavqeini yanada mustahkamladi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan 4 ta muhim rezolyutsiya qabul qilingan bo‘lib, ular global muammolarni hal etish, inson xavfsizligi, ekologiya va barqaror rivojlanish maqsadlariga qaratildi.
O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va global hamkorlikdagi faol ishtiroki mustahkamlandi. O‘zbekiston va uning vakillari qator nufuzli xalqaro tuzilmalar tarkibiga saylandi. Xususan:
-
O‘zbekiston ilk bor 2026–2029-yillar davri uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika komissiyasi tarkibiga kiritildi;
-
O‘zbekiston Jahon merosi to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchi davlatlarining 25-Bosh Assambleyasiga raislik qilish huquqini qo‘lga kiritdi;
-
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Kengashi tarkibiga saylandi;
-
O‘zbekiston vakili Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Mustaqil doimiy komissiyasi a’zoligiga saylandi.
Mazkur saylovlar O‘zbekistonga global miqyosdagi muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarida bevosita ishtirok etish, xalqaro tashabbuslarni ilgari surish hamda milliy manfaatlarni himoya qilish imkonini beradi. Shuningdek, inson huquqlari, statistika, madaniy merosni muhofaza qilish va oziq-ovqat xavfsizligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni xalqaro nufuzi va institutsional imkoniyatlari sezilarli darajada mustahkamlandi. Jumladan, O‘zbekiston bola huquqlarini himoya qilishda global tashabbuslarning faol ishtirokchisiga aylandi.
O‘zbekiston Hukumati 2025-yilda Bogota harakatga chorlovini qo‘llab-quvvatlab, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni tugatish bo‘yicha 10-yillik majburiyatni oldi va Pathfinding xalqaro alyansiga a’zo bo‘ldi. O‘zbekiston bolalar huquqi va xavfsizligini muhofaza qilish yo‘lida muhim qadam tashlab, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha Global ittifoqqa qo‘shilgan 46-davlat bo‘ldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Osiyo-tinch okeani forumiga a’zo bo‘ldi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan insonparvar va ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat, shuningdek, inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar xalqaro ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy reyting va indekslarda o‘zining ijobiy ifodasini topmoqda.
Jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Portulans instituti (AQSH), turli korporativ va akademik tarmoq hamda Global innovatsiya indeksi maslahat kengashi bilan hamkorlikda tayyorlangan Global innovatsiya indeksining 2025-yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 139 ta mamlakat ichidan 79-o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz 2020-yilda 93-o‘rin, 2021-yilda 86-o‘rin, 2022-yilda 82-o‘rin, 2023-yilda 82-o‘rin va 2024-yilda 132 ta mamlakat orasida 83-o‘rinlardan joy olgan.
Jahon bankining 2026-yilgi “Ayollar, biznes va qonun” indeksi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshilab, 100 balldan 82,1 ball bilan 190 ta davlat orasida 48-o‘rinni egalladi. Xususan, ayollarning iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida O‘zbekiston top-5 davlat qatoriga kiritildi. Hisobotda amalga oshirilgan qator tizimli islohotlar ijobiy baholandi.
Davlat xaridlari tizimida genderga yo‘naltirilgan qoidalar joriy etildi, qonunchilikka ayollar tadbirkorligini rag‘batlantiruvchi normalar kiritildi. Shuningdek, ijtimoiy himoya va mehnat sohasidagi ayrim cheklovlar qayta ko‘rib chiqildi.
Natijada mamlakatimiz indeksning “Erkinlik”, “Oila”, “Mehnatga haq to‘lash”, “Bola parvarishi” hamda “Mulk va meros” indikatorlari bo‘yicha maksimal 100 ball to‘pladi. Shuningdek, “Mehnat” indikatorida ko‘rsatkichlar 50 balldan 91,75 ballga, “Pensiya” indikatorida esa 50 balldan 66,75 ballgacha oshdi.
Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (Sustainable Development Solutions Network – SDSN) tomonidan e’lon qilingan 2025-yil uchun Barqaror rivojlanish Hisoboti reytingida O‘zbekiston 73 ball bilan 62-o‘rinni egalladi (qariyb 45 foiz maqsadlarga erishilgan yoki erishish jarayonida). Shuningdek, mamlakatimiz 2024-yilga nisbatan 19 pog‘ona yuqoriladi va Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida 2015-yildan beri eng tez o‘sayotgan mamlakat sifatida e’tirof etildi.
Manba: 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasida inson
huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya
qilinishining holati to‘g‘risida axborot. – T.: Inson
Ўзбекча
English
Русский