Inson huquqlari sohasida ilmiy hamkorlik mustahkamlanmoqda
23-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev Buxoro davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Universitet rektori Obidjon Hamidov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqot chog‘ida yuridik ta’lim sifatini yanada oshirish, zamonaviy talablarga javob beradigan raqobatbardosh huquqshunos kadrlarni tayyorlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or xalqaro tajriba va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar yuridik fan va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, bu borada oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Xususan, Buxoro davlat universitetida ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlar, doktorantlar va tadqiqotchilar bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislari o‘rtasida samarali ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar va tadqiqotlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida Milliy markaz huzurida nashr etilayotgan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur nashr yuridik yo‘nalishda ilmiy faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, izlanuvchilar va yosh olimlar uchun o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini keng jamoatchilikka taqdim etish hamda ilmiy muloqotni rivojlantirishda muhim maydon hisoblanadi.
Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Buxoro davlat universitetining Axborot-resurs markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Kutubxona fondini yanada boyitish Milliy markaz nomidan inson huquqlari sohasiga oid adabiyotlar to‘plami Universitet kutubxonasiga beg‘araz topshirildi.
Shuningdek, talaba-yoshlarning inson huquqlari sohasidagi bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning milliy hamda xalqaro huquqiy hujjatlar bilan muntazam tanishib borishlari uchun Universitetda “Konstitutsiya va inson huquqlari burchagi”ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbus ta’lim muassasasida inson huquqlariga oid ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yuridik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqbolda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский