HUQUQNI MUHOFAZA QILUVCHI ORGANLAR XODIMLARI UCHUN TRENING DOIRASIDA USHLAB TURILGANLARNING HIMOYAGA MUHTOJ TOIFALARI VA TIBBIY KAFOLATLAR MUHOKAMA QILINDI
23-iyun kuni «Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va qamoqda saqlash joylarini boshqarishning ilg‘or amaliyoti» mavzusidagi uch kunlik treningning ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi.
Ushbu trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda Ichki ishlar vazirligining qo‘shma loyihasi doirasida, 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan YEXHT loyihalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» doirasida tashkil etildi.
Navbatdagi mashg‘ulotlar ushlab turilganlarning himoyaga muhtoj toifalari, gender-sezgir yondashuvlar va tibbiy kafolatlar masalalariga bag‘ishlandi. Dastlabki kun yakunlari bo‘yicha qisqacha sharhdan so‘ng Buyuk Britaniyaning Metropolitan politsiyasi vakillari Filip Maykl Endryus va Jon Norton Danturn hamda qamoqxona islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) prezidenti Azamat Shambilov ishtirokida BMTning Bagkok qoidalari va qamoqda saqlash sharoitida gender-sezgir yondashuv masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar ushlab turilganlarning himoyaga muhtoj toifalari — ayollar, bolalar va voyaga yetmaganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, chet el fuqarolari hamda ruhiy buzilishlari bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ular bilan ishlash xususiyatlarini o‘rgandilar. Olingan bilimlar guruhlardagi taqdimotlar va fikr-mulohazalar almashinuvi orqali mustahkamlandi.
Kunning ikkinchi yarmida qamoqda saqlash joylarida tibbiy ko‘rik tartiblari va hujjatlashtirish — qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olish hamda aniqlash vositasi mavzusi ko‘rib chiqildi. Qamoqda saqlash joylariga joylashtirishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikka oid O‘zbekistondagi so‘nggi qonunchilik va protsessual o‘zgarishlar hamda ularning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash holati tahlil qilindi.
Ushbu sessiyalar ham Metropolitan politsiyasi vakillari va A.Shambilov ishtirokida o‘tkazildi.
Kun yakunida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlar doirasida qamoqda saqlash sharoitidagi tibbiy xavflar va inson huquqlari buzilishiga oid xatarlarga munosabat bildirish ko‘nikmalariga taalluqli tamoyillarni ishlab chiqdilar.
Tadbirning ikkinchi kuni savol-javob sessiyasi, yakuniy xulosalar va fikr-mulohazalar almashinuvi bilan yakunlandi.
Ma’lumot uchun: Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi (CDJI) — bosh qarorgohi Madrid shahrida (Ispaniya) joylashgan xalqaro nodavlat tashkilot bo‘lib, u hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xalqaro institutlar bilan birgalikda odil sudlov tizimlarida barqaror o‘zgarishlarni joriy etish, yanada adolatli sudlovni ta’minlash hamda ushbu tizimga tushib qolgan kattalar va bolalar uchun eng yaxshi natijalarga erishish ustida ishlaydi.
Tashkilotning vazifasi insonparvar va reabilitatsiyaga yo‘naltirilgan sudlovni imtiyoz emas, balki huquqqa aylantirish, shuningdek, sudlov sohasidagi muassasalarni inson huquqlariga asoslangan samarali tizim va xizmatlarni ishlab chiqish hamda taqdim etishda qo‘llab-quvvatlash va ularning imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
CDJI o‘z faoliyatini Yevropa, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikada amalga oshiradi. U o‘z yondashuvida «avval tashxis qo‘yish, so‘ngra harakat qilish», «javob berishdan oldin savol berish», «o‘rniga emas, balki birgalikda qurish» hamda «tizim mustaqil rivojlana olguncha yonida bo‘lish» tamoyillariga tayanadi.
Tashkilot penitensiar islohotlar, qiynoqlarning oldini olish, voyaga yetmaganlarga oid yustitsiya va inson huquqlari sohasidagi nufuzli xalqaro ekspertlarni o‘zida birlashtirgan. Uning faxriy prezidentlari orasida penitensiar islohotlar sohasidagi yetakchi arbob baronessa Viven Stern, xalqaro sudya Renate Vinter va qamoqxonalarni boshqarish sohasidagi taniqli olim, professor Endryu Koyl bor.
Tashkilot prezidenti — Markaziy Osiyoda sudlov islohotlarining taniqli namoyandasi Azamat Shambilov bo‘lib, u Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda qamoqda saqlash sharoitlarini yaxshilash, voyaga yetmaganlarga oid yustitsiya islohotlari va qiynoqqa qarshi tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.
Boshqaruv kengashi raisi — BMT Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha kichik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari professor Elina Shteynarte. Uning faoliyati Qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokol implementatsiyasi, ozodlikdan mahrum etish joylari ustidan mustaqil nazorat va jinoiy-protsessual islohotlarga qaratilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский