Andijon davlat universitetida inson huquqlari bo‘yicha ilmiy-ma’rifiy hamkorlik kengaymoqda

26-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev Andijon davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida universitetning Huquq va ma’naviyat asoslari kafedrasida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda yuridik ta’lim sifatini oshirish, bo‘lg‘usi huquqshunoslarni zamonaviy talablar asosida tayyorlash hamda ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Muhokamalarda,  shuningdek, yuridik fanlar va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan Milliy markaz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida urg‘u berildi.

Kutubxona fondini boyitish maqsadida inson huquqlari sohasiga oid yangi adabiyotlar to‘plami kafedraga beg‘araz asosda topshirildi. Huquq va ma’naviyat asoslari kafedrasi mudiri dotsent Shukurjon Amirxojayev hamda kafedra professori Rustamjon Imomov taqdim etilgan mazkur adabiyotlar uchun Milliy markaz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.

Bundan tashqari, talaba-yoshlarning inson huquqlari sohasidagi bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida universitetda “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashabbus ta’lim muassasasida inson huquqlariga oid ma’rifiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yuridik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va inson huquqlari sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish hamda istiqbolda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech