Bobur nomidagi Andijon viloyat axborot-kutubxona markaziga inson huquqlariga oid yangi adabiyotlar topshirildi

26-iyun kuni Bobur nomidagi Andijon viloyat axborot-kutubxona markaziga inson huquqlariga oid yangi nashrlar topshirildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu ma’rifiy tadbirda viloyat axborot-kutubxona markazi jamoasi, kitobxonlar, tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev kutubxonada tashkil etilgan inson huquqlariga oid adabiyotlar burchagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, kutubxona fondidagi tarixiy va ma’rifiy ahamiyatga ega noyob adabiyotlar hamda nodir qo‘lyozma manbalar ko‘zdan kechirildi. Mazkur maskan nafaqat huquqiy bilimlarni targ‘ib qilishda, balki milliy adabiyot va madaniy meros asrab-avaylashda muhim o‘rin tutishi alohida e’tirof etildi.

Kutubxona fondiga topshirilgan yangi nashrlarda inson huquqlari, gender tenglik, bola huquqlari, xalqaro huquq, konstitutsiyaviy islohotlar hamda inson manfaatlarini ta’minlashga oid qator dolzarb masalalar qamrab olingan. Mazkur adabiyotlar nafaqat kitobxonlar, balki ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar uchun ham muhim ilmiy-manbaviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, tadqiqotchilarning inson huquqlari sohasidagi eng so‘nggi ilmiy yangiliklardan xabardor bo‘lishi, ilmiy izlanishlarini yanada takomillashtirishi va amaliy faoliyatida samarali foydalanishi uchun keng imkoniyat yaratadi.

Tadbir yakunida yangi nashr etilgan kitob va jurnallar to‘plami viloyat axborot-kutubxona markazidagi “Konstitutsiya va inson huquqlari burchagi” fondini yanada boyitish maqsadida tantanali ravishda topshirildi. Ta’kidlash joizki, ushbu ma’rifiy burchak aynan Milliy markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda kitobxonlar uchun muhim axborot va ma’rifat maskaniga aylangan.

Andijon viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Gulnoraxon Ismoilova taqdim etilgan qimmatli adabiyotlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zi rahbarlik qilayotgan muassasa bilan Milliy markaz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik izchil davom etayotganini qayd etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech