Farg‘ona shahrida profilaktika inspektorlari uchun inson huquqlari bo‘yicha seminar-trening o‘z ishini boshladi
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarida mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun tizimli asosda tashkil etilayotgan seminar-treninglar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyun kuni o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlisda ko‘tarilgan masalalar targ‘iboti bilan uyg‘un tarzda olib borilmoqda.
Yurtimizdagi 9 mingga yaqin mahallada xizmat qilayotgan 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vakolatlari va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifalardan ularni xalos etish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asosida ishlash samaradorligini baholash, shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy fanlar — xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi yo‘nalishlarni joriy etish zarur.
2-iyul kuni Farg‘ona shahrida mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun tashkil etilgan “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusidagi ikki kunlik o‘quv seminari ochilishida dastavval shu haqda so‘z bordi.
Ichki ishlar organlari faoliyatida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirda viloyatdagi 10 ta tumandan sohaning 150 nafardan ortiq vakili ishtirok etmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarida asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining huquqiy bilimlarini boyitish, xalqaro huquqiy normalar va milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlarni amaliy faoliyatda to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilmoqda.
Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev va Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yorqinbek Pirmatov ochib berdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan masalalar yuzasidan atroflicha so‘z yuritildi. Mamlakatimizda 2026-yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan mahalla institutining yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishi, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, hududlarni kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalindi.
Mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika tizimini takomillashtirish orqali aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlarining g‘oyat muhimligi ta’kidlandi. Shu jumladan “Raqamli mahalla” elektron platformasi orqali murojaatlarni sun’iy intellekt yordamida saralash va ularning ijrosini nazorat qilish tizimining joriy etilishi katta ahamiyatga ega ekani uqtirildi.
Tadbirga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat va huquqiy fanlar hamda inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi boshlig‘i Dilorom Xudoyberganova moderatorlik qildi. Ochilish marosimida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinganiga e’tibor qaratildi. Ayni seminar-trening ana shu hujjat talablarini izchil bajarish yo‘lida tashkil etilgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida M. Tillaboyev “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va mexanizmlar” mavzusida ma’ruza qilar ekan, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari, xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari va maxsus tartib-taomillari bilan hamkorlik qilishning amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni milliy huquqiy tizimi va amaliyotga joriy qilish masalalari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir jarayonida mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy va samarali yondashuvlari, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari hamda BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Seminar-trening doirasida inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari yuzasidan yana bir qator keng qamrovli ma’ruzalar tinglandi.
Xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Feruza Muhitdinova “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish — davlat va jamiyatning oliy burchi” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi inson sha’nini ulug‘lash nafaqat huquqiy, balki ma’naviy-axloqiy jihatdan ham jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni ekanligiga urg‘u berdi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti, podpolkovnik Umid Fozilov “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar” mavzusida ma’ruza qildi. Bunda mazkur sohada davlat organlari va jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash zarurligiga qayd etildi.
Seminar ishida maxsus subyektlar huquqlarini ta’minlash masalalari tahlili ham markaziy o‘rinda turibdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda BMT Konvensiyasi normalarining profilaktika inspektorlari kundalik faoliyatidagi amaliy ahamiyatini yoritib berdi.
Ushbu seminar-trening ishtirokchilar uchun amaliy faoliyatdagi muammoli vaziyatlarni tahlil qilish va tajriba almashish uchun muhim platforma vazifasini o‘tadi. Tadbir yakunida eng faol 7 nafar profilaktika inspektori maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi hamda ishtirokchilar uchun maxsus o‘quv qo‘llanmalari tarqatildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский