Farg‘ona viloyati: profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening nihoyasiga yetdi
3-iyulda ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari uchun Qo‘qon shahrida tashkil etilgan “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusidagi ikki kunlik seminar-trening o‘z ishini yakunladi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Seminar-treningda Farg‘ona viloyati tumanlaridan tashrif buyurgan 150 nafardan ortiq profilaktika inspektori ishtirok etdi. Ular sohadagi xalqaro standartlar va milliy qonunchilik normalarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha malaka oshirdi.
Ishtirokchilar inson huquqlarini ta’minlash borasidagi zamonaviy yondashuvlar va mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlashda profilaktika inspektorlarining o‘rni xususida fikr almashdilar.
Seminar-treningning ikkinchi kuni ishtirokchilar uchun nazariy bilimlarni boyitish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan qator ma’ruzalar tashkil etildi. Xususan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va mexanizmlarga oid ma’lumotlar tushuntirildi.
Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Feruza Muhitdinova “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish — davlat va jamiyatning oliy burchi” mavzusidagi ma’ruzasi bilan tadbir mazmunini yanada boyitdi. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Umid Fozilov “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar” mavzusiga to‘xtalgan bo‘lsa, Milliy markaz bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning profilaktika inspektorlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzusida batafsil ma’lumotlar berdi.
O‘quv mashg‘ulotlari Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 29-iyun kuni o‘tkazilgan, profilaktika inspektorlari faoliyatini tubdan yaxshilash va jamoat xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi bilan uzviy bog‘liq tarzda tashkil etildi. Davlat rahbari profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomini mustahkamlash hamda kadrlar tayyorlash jarayoniga xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi zamonaviy yo‘nalishlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar bilan ishlashda yuqori natijalarga erishgan 10 nafar profilaktika inspektori Milliy markazning faxriy yorliqlari va huquqiy adabiyotlar to‘plami bilan taqdirlandi.
Ushbu seminar profilaktika inspektorlarining nafaqat huquqiy savodxonligini oshirish, balki aholi bilan ishonchli muloqot o‘rnatish, fuqarolar murojaatlariga tezkor va sifatli munosabat bildirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida,a mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning hududlardagi samarali ijrosini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский