Qashqadaryoda inson huquqlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

Bugungi kunda mamlakatimizdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan hududlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilayotgan seminar-treninglarga ana shu profilaktika inspektorlari tarkibini imkon qadar to‘liq qamrab olish uchun tizimli asosda ish olib borilmoqda.

6-7-iyul kunlari Qarshi shahrida Qashqadaryo viloyatining mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun xuddi shunday ikki kunlik o‘quv seminari tashkil etildi. Mashg‘ulotlar “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov va Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvohid Ismoilov ochib berdi. Dastavval, ushbu o‘quv seminari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyunda o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlisda ko‘tarilgan masalalar targ‘iboti bilan uyg‘un tarzda olib borilayotganiga e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, vakolatlari va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borilayotgani qayd etildi. Davlatimiz rahbarining profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifalardan ularni xalos etish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asosida ishlash samaradorligini baholash, shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy fanlar — xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi yo‘nalishlarni joriy etish zarurligi haqidagi ko‘rsatmalari yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat va huquqiy fanlar hamda inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi boshlig‘i Dilorom Xudoyberganova tadbirga moderatorlik qilar ekan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinganini e’tirof etdi. Ayni seminar-trening ana shu hujjat talablarini izchil bajarish yo‘lida tashkil etilgani qayd etildi.

O‘quv mashg‘ulotlarida asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining huquqiy bilimlarini boyitish, xalqaro huquqiy normalar va milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlarni amaliy faoliyatda to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan masalalarning mohiyati va ahamiyati atroflicha tahlil  etildi.

Shuningdek, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan joriy yilda mahalla institutining yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishi, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, hududlarni kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Ayni jarayonda mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika tizimini takomillashtirish orqali aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlarining g‘oyat muhimligi ta’kidlandi.

Mashg‘ulotlar davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi, professor Ilhom Turg‘unov, Milliy markaz yetakchi mutaxassisi Abbosbek Nabiyev, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Feruza Muhitdinova, Oliy Majlis Bola huquqlari bo‘yicha vakilining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili Davron Shodmonov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Umid  Fozilov va boshqa ma’ruzachilarning chiqishlari tinglandi.

Ma’ruzalarda asosan “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish – davlat va jamiyatning oliy burchi”, “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar”, “Gender tenglik. Xotin-qizlar huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va ularning milliy darajadagi implementatsiyasi”, “Xalqaro standartlar. Dunyo bo‘ylab hamkorlik, sifat va xavfsizlik uchun umumiy me’yorlar”, “Nogironlar va yoshlar huquqlari hamda sohadagi xalqaro standartlar” , “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish”,  “Qiynoqlarga qarshi konvensiya va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati” kabi dolzarb mavzular teran ochib berildi.

Tadbir doirasida profilaktika inspektorlaridan bir guruhiga namunali xizmatlari uchun faxriy yorliq, tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Powered by GSpeech