Zarafshonda inson huquqlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi
13-iyul kuni Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida ichki ishlar organlari mahalla profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar "Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik" mavzusiga bag‘ishlandi.
Seminar-trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va ushbu vazirlik Akademiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Tadbir Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyun kuni o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlisda ko‘tarilgan masalalar targ‘iboti bilan uyg‘un tarzda olib borildi. Bunda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyati, shuningdek, davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik jarayonida inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratildi.
Xalqaro va milliy huquq sohasidagi malakali mutaxassislar, olimlar hamda ekspertlarning mavzuga oid ma’ruzalari tinglandi. Jumladan, Milliy markaz vakillari F. Hayitboyev va S. Bozorov tinglovchilarga inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar, jumladan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy mazmuni, mazkur xalqaro standartlarning milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi borasidagi islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muloqotlar asnosida ta’kidlanganidek, profilaktika inspektorlari fuqarolar bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilishda birinchi bo‘g‘in hisoblanadi. Shu bois ularning xalqaro huquqiy standartlar, shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillari bo‘yicha bilimlarini muntazam ravishda oshirib borish davr talabidir.
Seminar-trening davomida ishtirokchilar bilan amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Ya’ni, hayotiy vaziyatlar misolida huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar bilan ishlashda inson huquqlariga rioya etish, shuningdek, osonlik bilan tushuniladigan til va yondashuvlardan foydalanish borasida o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir yakunida savol-javoblar uchun ham imkoniyat yaratildi. Trening ishtirokchilariga mavzuga oid metodik qo‘llanmalar tarqatildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский