Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va huquqiy nashrlar bilan hamkorlik istiqbollari

15-iyul kuni poytaxtimizdagi Inson  huquqlari uyida shu mavzuda ma’rifiy-huquqiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Hayot va qonun” jurnali tahririyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjuman O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30-yilligiga bag‘ishlandi.

Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 1-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.  Ushbu hujjat bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan konsepsiya va dastur tasdiqlangani hamda shu asosda mamlakatimiz bo‘ylab turli tadbirlar o‘tkazilayotgani qayd etildi.

Qarorda ta’kidlanganidek, “Mamlakatimizning milliy suvereniteti va davlat mustaqilligi g‘oyalarining siyosiy-huquqiy kafolatlarini o‘zida mujassam etgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, ko‘p millatli jamiyatimizda do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, mintaqada yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish hamda Vatanimizning xalqaro obro‘-e’tiborini oshirishda mustahkam tayanch bo‘lib kelmoqda”.

O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yilligi milliy davlatchiligimiz tarixi, hozirgi va kelajak hayotimiz uchun beqiyos ahamiyatga molik. Shu ma’noda, ushbu ulug‘vor sana bilan bog‘liq tadbirlar Yangi O‘zbekistonning ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib tarzda nishonlanishiga katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.

A. Saidov joriy tadbirning asosiy mavzusiga to‘xtalib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatida inson huquqlari sohasidagi ta’lim va huquqiy targ‘ibot masalalari alohida o‘rin tutishini bildirdi. Bu borada ikkita yangi dalil va raqamlar keltirildi.

Birinchidan, shu kunlarda Milliy markaz tashabbusi bilan hududlardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun tizimli seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar bilan mamlakatimizdagi 9 mingga yaqin mahallada xizmat qilayotgan 10 mingdan ortiq profilaktika inspektoridan iborat keng tarkibni imkon qadar to‘liq qamrab olish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchidan, 2026-yilning birinchi yarmida Milliy markaz faoliyati bilan bog‘liq 2 ming 228 ta axborot rasmiy saytga joylashtirildi. Ushbu axborotlar ommaviy axborot vositalarida ham uch tilda muntazam yoritib borildi.

Bugungi kunda Milliy markaz muassisligi va hammuassisligida ikkita yuridik davriy nashr – “Demokratlashtirish va inson huquqlari” hamda “Ijtimoiy fikr va inson huquqlari” jurnallari nashr etilmoqda. Endilikda Milliy markazning “Huquq va burch”, “Odil sudlov” kabi jurnallar, shuningdek, “Kuch – adolatda”, “Huquq”, “Postda” gazetalari timsolidagi doimiy hamkorlari safi yangi yuridik nashr – “Hayot va qonun” jurnali hisobiga kengayadigan bo‘ldi.

Anjuman doirasida “Hayot va qonun” jurnali yangi sonining taqdimoti o‘tkazildi. Inson  huquqlari uyiga jurnal va kitoblar sovg‘a qilindi.

Taqdimotda “Hayot va qonun” mas’uliyati cheklangan jamiyatining rahbari Sirojiddin Rustamov Milliy markaz bilan hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, “Hayot va qonun” jurnali bosh muharriri Mahmudxon Toirov mazkur davriy nashr sahifalarida yoritilayotgan muhim huquqiy mavzular xususida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan “Hayot va qonun” jurnali tahririyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi bo‘ldi. Memorandumni Milliy markaz direktori A. Saidov bilan  “Hayot va qonun” MCHJ rahbari S. Rustamov imzoladi.

Ushbu tadbir «Mustaqil O‘zbekiston — g‘ururim, iftixorim» mavzusidagi mushoiraga ulanib ketdi. “Hayot va qonun” jurnalining ijodiy xodimlari – taniqli shoir va tarjimon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Asror  Mo‘minov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Surayyo Ahmedova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shukurjon Jabborova (Joziba) o‘qigan she’rlarda Istiqlol, Vatan va bunyodkor xalqimiz madh etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech