Navoiy viloyatida profilaktika inspektorlari uchun ikki kunlik seminar-trening yakunlandi
14-iyul kuni Navoiy shahrida "Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik" mavzusidagi seminar-treningning ikkinchi kuni mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, birinchi kun mashg‘ulotlari Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida ichki ishlar organlari mahalla profilaktika inspektorlari uchun o‘tkazilgandi.
Tadbir Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Bunda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyatida, shuningdek, davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik jarayonida inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga qaratildi.
Ishtirokchilarga inson huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro shartnomalar, jumladan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar, shuningdek, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya kabi hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Ushbu xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan davlat majburiyatlari hamda ayni standartlarning milliy qonunchilikka izchil tatbiq etilishi borasidagi islohotlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar-trening doirasida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda hayotiy vaziyatlar misolida huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar bilan muloqotda inson huquqlariga rioya etish hamda shaxsga yo‘naltirilgan, tushunarli yondashuvlardan foydalanish borasida qizg‘in fikr almashinuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ikki kunlik seminar-treningda jami 250 nafar profilaktika inspektori ishtirok etdi. Ular inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillari va fuqarolar bilan ishlashning zamonaviy usullari bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitdi.
Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga tashakkurnomalar topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский