Prezident Shavkat Mirziyoyev: Mahalla – odamlar uchun chinakam “ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi” bo‘lishi zarur

16-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ berilganini ta’kidladi.

Mahallalarga resurs berildi, endi natija va mas’uliyat talab qilinadi. Tahlillar ayrim mahallalarda muammolar vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatmoqda. Shu yilning o‘zida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Prezidentimiz 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmaganini tanqid qildi. Ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambag‘al oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayapti.

Achinarlisi, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada esa bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagan, tadbirkorlar bilan uchrashmagan.

Shuning uchun yil boshidan mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olindi, yana 700 nafariga intizomiy chora ko‘rildi.

Mahallalarda soliq tushumlari, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish bo‘yicha ham mas’ullarga savollar qo‘yildi. Davlatimiz rahbari mahalla odamlar uchun chinakam “ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi” bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Mahalla raislariga beriladigan yangi vakolatlar haqida batafsil so‘z yuritildi. Buning natijasida mahallalarda tashabbus, loyiha va natija talabi kuchayadi.

Jumladan, har bir mahalladagi tashabbuskor loyihaga 10 million so‘mgacha grant ajratiladi. Mahalla bankirlari faoliyati yangi tizim asosida tashkil etiladi. Oilaviy tashabbuskorlik va mahalla loyihalariga yangi imkoniyatlar yaratiladi. Mahallalar byudjeti sezilarli darajada oshiriladi, ya’ni eng faol mahallalar 2 milliard so‘m bilan rag‘batlantiriladi.

Prezidentimiz mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni ta’minlash va daromadni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalarda tashabbuskor bo‘lishi zarurligini uqtirdi. Bunday loyihalar uchun “mahalla yettiligi”ga 10 million so‘mdan grant ajratiladi. Agar 8 ming 992 ta mahallaning har birida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi muhit sezilarli o‘zgaradi.

Mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi bo‘lishi shart. Buning uchun u hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va mahalla bankirining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi. Rais “yettilik” a’zolariga aniq vazifa qo‘yib, ulardan so‘rov qilib boradi.

Shuningdek, “yettilik” faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash va hududdagi muammolarga ilmiy yondashish uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. U “yettilik”ni o‘qitadi, mahallalardagi dolzarb masalalarga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.

Mamlakatimizda 2026-yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan. Shu asosda barcha sohalardagi islohotlar natijasi, avvalo, mahallada va odamlarning kayfiyatida namoyon bo‘lishi kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda Vatanimiz mustaqilligining 35-yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya asosida keng nishonlanadi. Eng ulug‘, eng aziz bayramni mahallalarda ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilindi.

Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etilishi kerak. Hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi, dedi Prezidentimiz.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech