Tez orada nogironlikni erta aniqlash va boshqa shu kabi 25 turdagi davlat xizmatlari mahallada hal etiladigan bo‘ladi

16-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.

Majlisda mahallalarda ijtimoiy yordamlar ko‘lamini kengaytirish masalasi ham muhokama etildi. Joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi.

Oqibatda ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bog‘cha va to‘garakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 ming arizaning barchasi asossiz rad qilingan. Shu sababli reyestrga kirish masalasida Prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga ko‘paygan.

Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilar oldiga yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahallaga tushirish vazifasi qo‘yildi. Uch oyda demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda “Madad” uylari, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi, shuningdek, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etiladi.

Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yaratilgan tizim o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.

Bunga videokameralar o‘rnatilib, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilgani natijasida erishildi.

Endilikda jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.

Yig‘ilish davomida davlatimiz rahbari mahallalarni rivojlantirish, odamlar turmush sharoitini yaxshilash va oilalarni mustahkamlash bo‘yicha muhim vazifalar muhokama qilinganini ta’kidladi. Bunday ezgu ishlar orqali mahallada mehr-oqibat, ahillik, hamjihatlik, ogohlik va sog‘lom muhit shakllanishi qayd etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech