Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning parlament roliga oid yana bir rezolyutsiyasi qabul qilindi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi 2026-yil iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan "Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyani qabul qildi.

Mazkur hujjatga dunyoning barcha mintaqalarini ifodalovchi BMTga a’zo 61 davlat hammuallif bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.

Rezolyutsiya muhokamasi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov mazkur hujjatni qabul qilish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan taklif qilinganini, jumladan bu global ijtimoiy rivojlanish kun tartibini ilgari surishga hamda xalqaro hamkorlikning parlament mezonini mustahkamlashga O‘zbekistonning hissasi bo‘lganini ta’kidladi.

Rezolyutsiyada 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda milliy qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish, munosib bandlikni ta’minlash, sifatli ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ijtimoiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash orqali parlamentlarning asosiy roliga urg‘u beriladi. Hujjatda alohida e’tibor xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini oshirish, ijtimoiy rivojlanish uchun raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi o‘tkazilgani hamda ijtimoiy rivojlanish va ijtimoiy adolat yo‘lida parlament harakati to‘g‘risida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingani ham e’tirof etilgan.

Hujjatda BMTga a’zo davlatlar 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlariga, jumladan, ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash, milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish hamda fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash jarayoniga parlamentlarni yanada faol jalb etishga chaqiriladi.

Bundan tashqari, rezolyutsiyada BMTning yirik tadbirlarida parlament a’zolarining ishtirokini kengaytirish va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi taraqqiyotni baholash samaradorligini oshirish uchun milliy statistika tizimlarini takomillashtirish tavsiya etiladi.

Hujjat qabul qilinishidan avval O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan keng ko‘lamli siyosiy-diplomatik ishlar olib borildi.

Muzokaralar jarayonida bir qator rasmiy maslahatlashuvlar, shuningdek, ko‘plab ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Bu esa BMT hujjatlarining universalligi tamoyillariga javob beradigan va barcha a’zo davlatlarning manfaatlarini hisobga oladigan muvozanatli matnni kelishib olishga imkon berdi.

Rezolyutsiyaning asosiy maqsad va vazifalari haqida so‘z borganda, ushbu hujjatda global miqyosda ijtimoiy adolatni ta’minlash va jamiyatni rivojlantirishda parlamentlar zimmasiga bir qator muhim vazifalar yuklatilayotganiga e’tibor qaratish darkor. Bu o‘rinda, xususan, dunyo parlamentlari:

  • kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirish;

  • munosib bandlikni ta’minlash hamda sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

  • xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi, qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish;

  • raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan ijtimoiy sohalarni rivojlantirish yo‘lida samarali foydalanish sohalariga alohida e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida BMTga a’zo davlatlarga quyidagi tashkiliy choralarni ko‘rish, ya’ni:

  • milliy majburiyatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish;

  • BRMga erishish bo‘yicha Ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlashga parlament a’zolarini faol jalb etish;

  • fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

  • ijtimoiy rivojlanishni to‘g‘ri baholash uchun milliy statistika tizimlarini takomillashtirish tavsiya etilmoqda.

 

Ma’lumot uchun: Mazkur hujjat O‘zbekistonning parlament roliga oid birinchi tashabbusi emas. Bundan avval, 2022-yil 14-dekabrda ham BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi maxsus rezolyutsiya qabul qilingan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.07.2026 Ko'rishlar 49
Ulashish