Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

BRIFING

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2026-yil 1-yarim yilida amalga oshirgan ishlari yuzasidan

Joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan qator nufuzli tadbirlar O‘zbekistonning inson huquqlari himoyasi borasidagi faol pozitsiyasini yaqqol namoyon etdi.

Jumladan, 14-may kuni Toshkent shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi. Yuz nafar milliy va xorijiy ishtirokchi qatnashgan ushbu yirik tadbir mintaqa ekspertlarini yagona muloqot maydonida birlashtirdi.

Forum doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida Milliy markaz oldiga ikkita strategik vazifa qo‘yildi.

Bulardan birinchisi – Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumini yuqori saviyada tashkil etish. Ayni paytda Forumga tayyorgarlik ishlari qizg‘in bormoqda.

Ikkinchi asosiy vazifa – “Inson huquqlari – 2030” strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish. Strategiya loyihasi hozirgi vaqtda keng jamoatchilik muhokamasi uchun Internetdagi maxsus portalga joylashtirildi va muhokama jarayonlari davom etmoqda.

Hisobot davrida “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holati to‘g‘risida”gi axborot o‘zbek, rus, ingliz tillarida tayyorlandi. Axborot Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari va Hukumatga taqdim qilindi.

Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan inson huquqlari bo‘yicha 2 ta Milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilindi. Bu boradagi axborotlar har chorakda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasiga taqdim etilishi ta’minlandi.

Joriy yil birinchi yarmida BMT ustav va shartnomaviy organlari sessiyalarida O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi konvensiya qoidalari bajarilishi bo‘yicha 1 ta milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi.

Xususan, 21-22-aprel kunlari Jeneva shahrida BMT Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasining 117-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etgan ushbu sessiyada BMT Konvensiyasi qoidalarining bajarilishini ta’minlash borasida erishilgan natijalar oshkora va konstruktiv muhokama qilindi.

 Milliy markaz xalqaro tashkilotlarning hamda hamkor xorijiy davlatlarning inson huquqlari to‘g‘risidagi hisobotlarida taqdim etilgan ma’lumotlarga sharhlar tayyorlash ishini davom ettirdi. Ushbu yo‘nalishda 1 ta sharh tayyorlandi.

Hisobot davrida 3 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish va milliy qonunchilikka implementatsiya qilish chora-tadbirlari ko‘rildi. Bu o‘rinda:

  • Yevropa Kengashining Bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish va jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi;

  • Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning xabar berish tartibiga oid Fakultativ protokoli;

  • Turkiyaning nodavlat “Enstitu Sosyal” tahlil markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Raqamli dunyoda bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” haqida so‘z bormoqda.

Hisobot davrida Milliy markaz xodimlarining AQSH, Portugaliya, Shveysariya, Xitoy, Rossiya va Ozarbayjonga jami 9 ta xorijiy tashrifi amalga oshirildi.

Milliy markazda 11 ta xalqaro delegatsiya qabul qilindi. Muloqotlar doirasida inson huquqlarini ta’minlash, qonunchilikni takomillashtirish va institutsional hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus tartib-taomillari doirasida Milliy markazga 72 ta hujjat kelib tushdi. Shulardan 60 tasi bo‘yicha javob xatlari tayyorlanib, tegishli maxsus ma’ruzachilarga taqdim etildi.

Bu borada, shuningdek, fevral oyida Inson huquqlari himoyachilari holati bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Meri Lolor bilan alohida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Milliy markazda 12-fevralda bo‘lib o‘tgan “BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhining vakolati va faoliyati” mavzusidagi seminarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi raisi-ma’ruzachisi Ganna Yudkovskaya asosiy ma’ruzachi sifatida so‘zga chiqdi.

U ishchi guruhning vakolati, individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, shoshilinch choralar ko‘rish mexanizmlari, shuningdek, davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik amaliyoti haqida tushuntirishlar berdi.

Hisobot davrida Milliy markaz “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning bir qator normalari Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash yuzasidan murojaat tayyorlab, Konstitutsiyaviy sudga yubordi. Konstitutsiyaviy sudning 10-iyundagi sud majlisida ushbu normalar Konstitutsiyaning 29, 65 va 141-moddalariga muvofiq, deb topildi.

Milliy markaz tomonidan hisobot davrida jami 49 ta normativ-huquqiy hujjat huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Shulardan 32 tasi Qonun, 5 tasi Prezident Farmoni, 6 tasi Prezident Qarori, 4 tasi Vazirlar Mahkamasi qarori, 2 tasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihalaridir. Ushbu loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha jami 92 ta taklif bildirildi.

Shu bilan birga, Milliy markaz tomonidan inson huquqlarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash, xalqaro majburiyatlarni bajarish hamda inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish maqsadida bir qator muhim tashabbuslar amalga oshirildi. Jumladan, 2 ta normativ-huquqiy hujjatning ishlab chiqilishi ta’minlandi va ular qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shular jumlasiga kiradi.

Shu asosda “Inson huquqlari sohasida xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida mamlakat miqyosida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta seminar-trening tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlarda joylardagi ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari – jami 5 ming 255 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Shuningdek, Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish” mavzusida o‘quv kurslari o‘tkazildi. Bu mashg‘ulotlarda 4 ta hududdan jami 268 nafar sud, prokuratura va ichki ishlar tizimi xodimi qatnashdi.

 “Inson huquqlari uyi”da 30-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Joriy yilda BMTning bir nechta tarixiy hujjatlari, xususan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganligining 60-yilligi, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 20-yilligi keng nishonlanadi.

Shu munosabat bilan Milliy markazda to‘rtta alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va izchil bajarilmoqda.

Milliy darajada ikki muhim sana – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 30-yilligi munosabati bilan qator xalqaro va milliy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu boradagi ishlar ham jadal davom etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Rasmiy axborot

 

Nashr sanasi 06.08.2026 Ko'rishlar 189
Ulashish