Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlarini himoya qilish tizimi kuchaytirildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2026-yilning birinchi yarmida qanday ishlar amalga oshirildi?

Milliy markaz matbuot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev shu haqda ma’lumot berdi:

– Inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Hisobot davrida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro tadbirlar O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi. Xususan, 14-may kuni Toshkent shahrida 100 nafar milliy va xorijiy ekspert ishtirokida “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi. Forum doirasida Milliy markaz hamda Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq Milliy markaz zimmasiga ikki muhim vazifa yuklatildi. Birinchisi – Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumini yuqori saviyada tashkil etish bo‘lib, ayni paytda unga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda. Ikkinchisi – “Inson huquqlari - 2030” strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilishdir. Hozirda strategiya loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun maxsus internet portaliga joylashtirilgan.

Hisobot davrida “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishi holati to‘g‘risida”gi axborot o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanib, Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari hamda Hukumatga taqdim etildi. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan ikki milliy harakatlar rejasining ijrosi muntazam monitoring qilinib, natijalari har chorakda Parlament komissiyasiga taqdim etildi.

image_2026-08-06_16-08-39

BMTning ustav va shartnomaviy organlari bilan hamkorlik doirasida mamlakatning bir milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi. Jumladan, 21-22-aprel kunlari Jeneva shahrida BMT Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasining 117-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etib, mamlakatda Konvensiya talablarini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan natijalar muhokama qilindi.

Milliy markaz xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar hisobotlariga huquqiy sharhlar tayyorlash ishlarini davom ettirib, hisobot davrida bitta tahliliy sharh ishlab chiqdi.

Uchta xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilish va milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ular qatorida Yevropa kengashining bolalarni jinsiy ekspluatatsiya va jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning xabar berish tartibiga oid fakultativ protokoli hamda “Raqamli dunyoda bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” loyihasi mavjud.

image_2026-08-06_16-08-27

Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Milliy markaz xodimlari AQSH, Portugaliya, Shveysariya, Xitoy, Rossiya va Ozarbayjonga jami to‘qqizta xizmat safari bilan bordi. Shu bilan birga, Milliy markazda 11 xorijiy delegatsiya qabul qilinib, inson huquqlarini ta’minlash, qonunchilikni takomillashtirish va institutsional hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus tartib-taomillari doirasida Milliy markazga 72 hujjat kelib tushdi. Ularning 60 tasi bo‘yicha tegishli javoblar tayyorlanib, maxsus ma’ruzachilarga yuborildi. Shuningdek, inson huquqlari himoyachilari masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Meri Lolor bilan onlayn uchrashuv hamda O‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruh raisi Ganna Yudkovskaya ishtirokida xalqaro seminar tashkil etildi.

Huquqiy ekspertiza sohasida Milliy markaz tomonidan jami 49 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ko‘rib chiqildi. Ular yuzasidan 92 taklif ishlab chiqildi. Shu bilan birga, “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning ayrim normalarini Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilinib, ushbu normalar Konstitutsiya talablariga muvofiq deb topildi.

Hisobot davrida inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori asosida Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish ishlari boshlandi. Shu doirada respublika bo‘yicha 14 seminar-trening o‘tkazilib, ularda 5 ming 255 nafar profilaktika inspektori ishtirok etdi. Shuningdek, Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish” mavzusidagi o‘quv kurslarida 268 nafar sud, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimi qatnashdi.

30-aprel kuni Milliy markaz hamda Odil sudlov akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Joriy yilda BMTning inson huquqlariga oid qator tarixiy hujjatlari yubiley sanalari nishonlanishi munosabati bilan Milliy markaz tomonidan to‘rtta alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan qator xalqaro va milliy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda.

                                                           N.Abduraimova, O‘zA

Nashr sanasi 07.08.2026 Ko'rishlar 84
Ulashish