Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Akademik Akmal Saidov: “Buxoroning nafaqat muazzam tarixiy obidalari, balki yuksak intellektual salohiyati ham e’tirofga sazovor”

14  avgust kuni Buxoro viloyati hokimi, senator Botir Zaripov O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari bilan uchrashdi. Samimiy va jonli muloqot asnosida hududda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov, akademiklar Qodir G‘ulomov, Qalandar Abdurahmonov va boshqalar ishtirok etdi.

Xususan, akademik A.Saidov so‘z olib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilm-fan va ta’lim sohasini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng asosiy poydevori deb hisoblashi bejiz emasligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini kuchaytirish va sohani moliyalashtirishni kengaytirish bo‘yicha muhim islohotlarni amalga oshirayotgani va ana shu islohotlar samaralarini Buxorodagi ilm-fan, ta’lim va ma’rifat rivoji misolida yaqqol ko‘rib turganini qayd etdi.

Taniqli o‘zbek huquqshunosining fikricha, Buxoroning nafaqat muazzam tarixiy obidalari, balki yuksak intellektual salohiyati ham e’tirofga sazovor. Viloyatda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyatdan hudud taraqqiyoti yo‘lida samarali foydalanish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega.

Shu ma’noda, “Buxoro fiqh maktabi”, “Buxoro tasavvuf maktabi”, “Buxoro jadidchilik maktabi” kabi sohalarda chuqur ilmiy-amaliy tadqiqotlarni izchil rivojlantirish juda muhim.

Bundan tashqari, muloqot davomida sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash kabi yo‘nalishlarda ilmiy yondashuv asosida amaliy yechimlar ishlab chiqish masalalari xususida fikr yuritildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Buxoro viloyati hokimligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

*

14-16-avgust kunlari Buxoro shahrida XIV Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu ma’rifiy tadbir “Abu Ali ibn Sino: zamonaviy tibbiyot va xalq tabobati – innovatsiyalar va investitsiyalar” mavzusiga bag‘ishlandi.

Nufuzli xalqaro anjumanda Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Indoneziya, Eron, Turkiya, Italiya, Rossiya, Pokiston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlardan olimlar, akademiklar va tibbiyot mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 18 nafar akademigi, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi.

Anjuman davomida Ibn Sino ilmiy merosi, zamonaviy tibbiyot va xalq tabobati uyg‘unligi, innovatsion texnologiyalar, xalqaro hamkorlik va investitsiyalar masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar uchun ilmiy ma’ruzalar, sho‘balardagi tahliliy muhokamalar va amaliy mahorat darslari ham tashkil etildi.

Xalqaro Ibn Sino o‘qishlarining tantanali ochilishi va yalpi majlis ma’ruzalari Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti anjumanlar zalida tashkil etildi. Shu nuqtayi nazardan, Buxoroga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari uchun Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining ilmiy, ta’limiy va amaliy salohiyatini namoyish etish maqsadida institutning muhim obyektlari bo‘ylab tanishtiruv tashrifi tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi.

Institut rektori, professor Shuhrat Teshayev boshchiligida akademiklar institutning muzeyi, Axborot-resurs markazi, Xalq tabobati laboratoriyasi, klinikasi hamda boshqa muhim markaz va bo‘limlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Tashrif davomida mehmonlarga institutning ko‘p yillik tarixi, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari, zamonaviy tibbiy ta’lim infratuzilmasi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Samimiy muloqotlar davomida ilm-fan, ta’lim va tibbiyot amaliyotini yanada rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, akademik hamjamiyat va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tashrif yakunida akademiklar tomonidan institutda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ilmiy salohiyat va tibbiy ta’limni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarga yuqori baho berildi.

Xususan, akademik A.Saidov mazkur institut muzeyida Buxoro tibbiyot ta’limining shakllanish va rivojlanish tarixi, buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosi hamda institutning bugungi taraqqiyot bosqichlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lganini e’tirof etdi. Axborot-resurs markazida zamonaviy ta’lim va ilmiy faoliyat uchun yaratilgan imkoniyatlar, elektron resurslar va talabalarning mustaqil ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar alohida tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi.

Milliy markaz direktori, shuningdek, bu yerdagi Xalq tabobati laboratoriyasi faoliyati, dorivor o‘simliklarni o‘rganish, xalq tabobati an’analarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish borasidagi ishlarning ahamiyatiga yuqori baho berdi. Institut klinikasida aholiga ko‘rsatilayotgan zamonaviy tibbiy xizmatlar, ilg‘or diagnostika va davolash usullari, tibbiy ta’lim va amaliyotning uzviy integratsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, tahsinga loyiq, dedi akademik A.Saidov.

 

*

XIV Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari doirasida bir qator uchrashuv va muloqotlar ham bo‘lib o‘tdi Buxoro davlat texnika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari bilan professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, doktorantlar va yosh olimlar ishtirokida tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy uchrashuv shunday amaliy tadbirlardan biri bo‘ldi.

Uchrashuvda akademiklar Akmal Saidov va Qalandar Abdurahmonov ishtirok etdi.

Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova boshqargan samimiy va mazmunli muloqotda bunday uchrashuvlar — ilmiy tajribani avloddan avlodga yetkazish, yangi g‘oyalarni shakllantirish va yosh olimlarni katta ilmiy marralar sari ruhlantirish uchun muhim maydon ekanligi qayd etildi.

Qiziqarli muloqot davomida universitetning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, zamonaviy ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy maktablarni mustahkamlash hamda yosh olim va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Akademiklar tomonidan fundamental va amaliy tadqiqotlarni kengaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda universitet olimlarining xalqaro ilmiy maydondagi faolligini oshirish yuzasidan qimmatli tavsiyalar bildirildi.

Ilm va ma’naviyat uyg‘unligi ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Jumladan, akademik A. Saidov naqshbandiya tariqatining ilm, ma’rifat, halollik, mehnatsevarlik va inson kamolotiga xizmat qiluvchi boy ma’naviy merosi, tasavvufning naqshbandiya va yassaviya tariqatlari o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘unlik va muayyan farqli jihatlar, toshkentlik aziz-avliyo Zangi ota Himmatiy bilan buxorolik aziz-avliyolarning o‘zaro ustoz-shogirdlik maqomlari haqida so‘zlab berdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va yosh olimlar akademiklar bilan bevosita fikr almashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

 

*

Buxoro davlat universitetida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Ilmiy muvofiqlashtiruvchi kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik Akmal Saidov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan ilm-fan, ta’lim va hamkorlikning yangi istiqbollariga bag‘ishlangan ushbu muloqot ham XIV Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari doirasida tashkil etildi.  Akademik A. Saidov Buxoro davlat universitetiga tashrifi doirasida bu yerdagi ilmiy-ta’lim muhiti va zamonaviy infratuzilma salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

Universitet rektori professor Obidjon Hamidov mehmonga hamrohlik qilar ekan, ushbu oliy ta’lim maskanida amalga oshirilayotgan ta’lim va ilm-fan sohasidagi izchil tashabbuslar hamda istiqboldagi loyihalar, shuningdek, yangi barpo etilayotgan universitet  kampusida zamonaviy ta’lim olish, ilmiy-tadqiqot olib borish va talabalarning o‘qishi va mazmunli dam olishi uchun yaratilajak qulay muhit haqida so‘zlab berdi.

Tashrif davomida mehmon talabalarning ilmiy-ijodiy ishlari va erishgan yutuqlari ko‘rgazmasi hamda universitetning boshqa infratuzilma obyektlari faoliyati bilan tanishdi. Tanishuv jarayoni ilm-fan, ta’lim va universitet taraqqiyoti xususidagi samimiy muloqot bilan uyg‘un kechdi.

Akademik A. Saidov Buxoro davlat universitetida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirar ekan, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va yoshlarning intellektual imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur uchrashuv BuxDUning bugungi ilmiy-ta’lim salohiyati va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini yaqindan kashf etish imkonini berganligini ta’kidladi.

Milliy markaz direktori yana bir muhim mavzuga e’tiborni qaratdi. Bu o‘rinda Buxoro ilmiy-ma’rifiy muassasalarida saqlanayotgan g‘oyat noyob qadimiy qo‘lyozma asarlar taqdiri haqida so‘z bormoqda. Akademik A. Saidovning fikricha, ushbu qo‘lyozmalarning ro‘yxatini darhol tuzish lozim. Shunda, bir tomondan, Buxoro zaminidagi bu nodir qo‘lyozmalarni sinchiklab o‘rganish uchun dastlabki muhim amaliy qadam qo‘yiladi, ikkinchi tomondan, ayni tarixiy merosimizni izchil o‘rganishga keng yo‘l ochiladi.

Buxoro davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati va akademiklar ishtirokida o‘tkazilgan ilmiy uchrashuv doirasida zamonaviy ilm-fan va iqtisodiyotning dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yangi ilmiy nashrlar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, akademik Qalandar Abdurahmonovning “Labor Economics in the Era of Artificial Intelligence” nomli ingliz tilidagi darsligi taqdimotida ushbu asar sun’iy intellekt davrida mehnat iqtisodiyoti va ijtimoiy-mehnat munosabatlarida yuz berayotgan o‘zgarishlar xalqaro ilmiy auditoriya uchun atroflicha yoritib berilganiga e’tibor qaratildi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv va muloqotlar Fanlar akademiyasi bilan Buxoro davlat universiteti o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, akademik ilm-fan va oliy ta’lim integratsiyasini rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 19.08.2026 Ko'rishlar 44
Ulashish