Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini O‘zbekistonda amalga oshirish to‘g‘risidagi axborot BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 62-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida e’tirof etildi. Axborot BMTning rasmiy tillarida keng tarqatildi.
Axborotda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2026-yil 3-martda “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» hamda Milliy komissiya tarkibi tasdiqlandi. Milliy komissiya zimmasiga inson huquqlari ta’limi sohasida erishilgan natijalarga oid axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, xorijiy tillarga tarjima qilish va e’lon qilib borishni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha axboroti BMT rasmiy hujjati sifatida e’tirof etilgani va tarqatilgani, shubhasiz, mamlakatimizda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi doirasida bajarilgan amaliy ishlardan xalqaro jamoatchilikni yanada keng xabardor qilish imkonini beradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
