Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘zbekiston – Fransiya: parlamentlararo aloqalar yanada rivojlanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston – Fransiya parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari Akmal Saidov va bir guruh deputatlar Fransiya Milliy Assambleyasi deputati, “Fransiya – Markaziy Osiyo” do‘stlik guruhi raisi Katrin Erve boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Ta’kidlanganidek, qisqa tarixiy davr mobaynida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida izchil va mustahkam siyosiy muloqot, o‘zaro ishonch hamda keng qamrovli hamkorlik tizimi shakllandi. Bu, avvalo, oliy darajadagi muntazam aloqalar, aniq kelishuvlar va ularning amaliy natijalarida o‘z ifodasini topmoqda.

2025-yilda Prezidentimizning Fransiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston – Fransiya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib, Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Tashrif davomida investitsiyaviy va innovatsion sohalarda 6,5 milliard yevrolik aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik dasturining qabul qilinishi ikki tomonlama munosabatlarning amaliy mazmunini yanada boyitdi.

Strategik sheriklikning yangi bosqichi parlamentlararo aloqalarni ham mazmunan kengaytirish uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohalarida o‘zaro tajriba almashish, parlament qo‘mitalari va apparatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, parlament delegatsiyalarining muntazam tashriflarini tashkil etish muhim yo‘nalishlar sifatida belgilanmoqda.

Xususan, 2024-yilda A.Saidov boshchiligidagi Qonunchilik palatasi delegatsiyasi Parij shahrida bo‘lib, muloqotlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro jamoatchilikka axborot yetkazilishi bilan bir qatorda, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingandi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish maqsadida qonun ijodkorligi va nazorat-tahliliy faoliyat bo‘yicha tajriba almashish, Fransiya Milliy Assambleyasining qonun ijodkorligi va parlament nazoratini axborot-tahliliy ta’minlash amaliyotini o‘rganish muhimligi urg‘ulandi.

Shuningdek, do‘stlik guruhlari orqali xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat deputatlari o‘rtasida ishonchli va konstruktiv muloqotni yanada mustahkamlash lozimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

Nashr sanasi 07.09.2026 Ko'rishlar 30
Ulashish