14-15-may kunlari Toshkent shahrida “Ayollar yetakchiligini rag‘batlantirish” mavzusida trening bo‘lib o‘tmoqda. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir jamiyat hayotining turli jabhalarida, jumladan, iqtisodiyot, siyosat, ta’lim va madaniyat sohalarida xotin-qizlar mavqeini oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘quv mashg‘ulotlarida Oliy sud, Bosh prokuratura, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi vakillari ishtirok etmoqda.
Yetakchilik va boshqaruvni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro ekspert Yelena Moll mashg‘ulotlarda asosiy trener sifatida qatnashmoqda.
O‘zbekiston BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirishda ulkan ijobiy tajribaga ega. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘z kirish so‘zida batafsil to‘xtaldi.
O‘zbekistonda gender siyosatini amalga oshirish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar alohida qayd etildi. Jumladan, parlamentdagi xotin-qizlarning ulushi izchil ortib borayotgani va ayni vaqtda bu ko‘rsatkich 32 foizdan oshganiga e’tibor qaratildi.
Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlarida xotin-qizlarning o‘rni va rolini kuchaytirish nafaqat milliy xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq muhim sohalarda ushbu jins vakillarining keng ishtirokini ta’minlash, ayni chog‘da mazkur yo‘nalishda istiqbolli qarorlar qabul qilish jarayonlarini turli nuqtayi nazarlar bilan boyitish imkonini ham beradi. Bunday yondashuv, A.Saidov ta’kidlaganidek, davlatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor hisoblanuvchi tenglik va adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishning asosiy omillaridandir.
Bugungi kunda mamlakatimizda turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida 2 ming nafarga yaqin mutaxassis xotin-qiz mehnat qilmoqda. Bu raqam umumiy ko‘rsatkichning qariyb 37 foizini tashkil etmoqda va tobora ortib bormoqda. Bunday yutuqlarga O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy mavqeini mustahkamlashga qaratilgan tizimli qonunchilik tashabbuslari tufayli erishayapmiz.
So‘nggi yillarda ta’lim, mehnat va ijtimoiyot sohalaridagi resurslar hamda imkoniyatlardan ayollar va erkaklarning teng foydalanishini ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Bu o‘rinda, jumladan, "Ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarining kafolatlari to‘g‘risida" hamda “Ayollarni zulm va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni sanab o‘tish mumkin.
A.Saidov o‘z so‘zi yakunida seminar ishtirokchilarini O‘zbekistonda to‘liq gender tengligi sari intilishni davom ettirishga chaqirdi. Buning uchun, o‘z navbatida, olingan bilim va amaliyotlarni hayotga faol tatbiq qilish taqozo etiladi.
YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisining xalqaro maslahatchisi Endryu Yukovskiy ta’kidlaganidek, BMT Xavfsizlik kengashi 2000-yilda ayollar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha o‘zining birinchi tarixiy rezolyutsiyasini qabul qildi. BMT Xavfsizlik kengashining 1325-sonli mazkur hujjati o‘ziga xos amaliy vosita va andoza hisoblanadi, chunki bu bilan tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda mustahkamlashda ayollarning to‘laqonli ishtiroki muhimligi jahon hamjamiyati darajasida ilk marta e’tirof etilgan.
O‘z navbatida, xalqaro ekspert Yelena Moll “Ayollar yetakchiligini rag‘batlantirish” tashabbusining strategik ahamiyatiga e’tiborni qaratdi. Uning fikricha, mazkur trening nafaqat ishtirokchilar malakasini oshirishga xizmat qiladi, balki ko‘p tarmoqli bilim va tajriba almashish, shuningdek, turli sohalarning yetakchi ayollari o‘rtasida ilg‘or amaliyotlar shakllanishi uchun o‘ziga xos platforma vazifasini o‘taydi.
Trening doirasida ayollar yetakchiligini targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro va milliy ekspertlar o‘z bilim, ko‘nikma va tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Ular dunyoning turli mintaqalarida yetakchilik rollarini egallashda ayollar duch keladigan asosiy muammo va qiyinchiliklarni tahlil etgan holda, bu boradagi eng maqbul yechimlarni ilgari surmoqdalar.
Muhokamalarda muvaffaqiyatli amaliyot va strategiyalar izchil o‘rganilmoqda. Xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi ta’sirini oshirishga qaratilgan normalar va qonunchilik chora-tadbirlarini hayotimizga samarali tatbiq etishga oid misollar atroflicha ko‘rib chiqilmoqda.
Tadbir uning ishtirokchilari bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari vakillari uchun foydali va ahamiyatlidir. Chunki ularning orttirgan yangi bilim va ko‘nikmalari xotin-qizlar yetakchiligini ta’minlash borasidagi faolligini yanada oshirishga hamda kasb mahoratini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 2184
- Chop etish