O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tashkil etilgan davra suhbati aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.
Oflayn va onlayn tarzda o‘tgan ochiq muloqotda parlament deputatlari, senatorlar, shuningdek Oliy Majlis palatalari huzuridagi Yoshlar parlamentlari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Ilmiy-ekspert kengashi hamda “Qonunchilik muammolari axborotnomasi” jurnali tahrir hay’ati a’zolari, Institut ilmiy xodimlari, xorijiy mamlakatlarda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan O‘zbekiston yoshlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi 7 ta ustuvor yo‘nalishdagi 94 ta maqsadni qamrab olgan va unda Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida hamda saylovoldi dasturida ilgari surilgan tashabbuslar aks etgan bo‘lib, shu jumladan, qator konsepsiya, dastur, strategiya va qonun hujjatlari qabul qilinishi nazarda tutilgan.
Ma’lumki, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida keyingi besh yillikda mamlakatimizda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasi Internetdagi regulation.gov.uz, 2022-2026.strategy.uz va jamoatchilik.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.
Bugungi davra suhbati esa Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasining, asosan, ilmiy doira vakillari hamda ekspertlar ishtirokida muhokama qilinishi bilan ham alohida ahamiyatlidir.
E’tirof etish kerak, Yangi O‘zbekiston “adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur sharti” degan muhim g‘oya negizida barpo etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda.
Aynan mazkur jihat doirasida davra suhbatida Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasining 7 ta ustuvor yo‘nalishiga monand ravishda quyidagilar bo‘yicha, ya’ni:
inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash;
adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish;
umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish;
mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish masalalarida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” mavzusida ma’ruza qilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov ta’kidlaganidek, yaqin kelajakda Yangi O‘zbekistonni jahon maydonida kuchli salohiyat va munosib obro‘-e’tiborga ega, har tomonlama obod va farovon, tinch va osoyishta mamlakatga aylantirishni maqsad qilgan mazkur tarixiy hujjat loyihasi bo‘yicha fikr bildirish – ertangi kuniga, oilasi iqboliga, ona yurti va jonajon xalqi taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir sog‘lom fikrli fuqaromiz uchun sharaflidir.
Shuningdek, tadbir davomida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlarining Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan maqsadlar tahliliga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
Anjumanda Tashqi ishlar vazirligi boshqarmasi boshlig‘i, Institut qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashi a’zosi Komil Rashidov so‘zga chiqib, Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining beshinchi yo‘nalishi – “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish” – yuzasidan o‘rinli taklif va mulohazalarini aytib o‘tdi.
Onlayn tarzda ishtirok etgan xorijdagi vatandoshlar, xususan, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Niderlandiya, Yaponiya, Xitoy davlatlarida tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasida belgilangan vazifa va maqsadlar yuzasidan o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashishdi.
Qizg‘in bahs-munozaralar maydoniga aylangan muhokamalarda ilmiy xodimlar va ekspertlar tomonidan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi loyihasi yuzasidan mamlakatimiz rivojiga xizmat qiluvchi, ilmiy asoslantirilgan va aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 13.01.2022
- Ko'rishlar: 3085
- Chop etish