Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari

2022 yil 5 may kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston milliy universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nurislom Tuxliev tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlab, “Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi Farmoniga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” doirasida tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, iqtisod fanlari doktori, professor Saidaxror Gulyamovlar ishtirok etdi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, Rossiya Fanlar akademiyasining Bozor muammolari instituti bosh ilmiy xodimi Nabi Ziyadullaev (Rossiya), Dongduk ayollar universiteti, Yevroosiyo turkiy tadqiqotlar instituti professori va direktori Eunkyung OH (Koreya Respublikasi), Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi (IRCICA), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) bosh direktor maslahatchisi, tarix fanlari doktori Ashirbek Muminov (Turkiya), davlat va jamoat arboblari, xorijiy va mahalliy olimlar, professor-o‘qituvchilar, nufuzli oliy ta’lim muassasalar hamda tashkilotlarning vakillari, konferensiyaga taklif etilgan mehmonlar qatnashdi.

Xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib, barchani ushbu nufuzli anjuman bilan tabrikladi.

Davlatimiz rahbari nazarda tutgan Uchinchi Renessans — mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotining, iqtisodiyot va jamiyat istiqbolining, xalqqa xizmat qilish va kishilarni rozi qilishday ezgu niyat bilan amalga oshirilayotgan barcha yutuqlar – xalqimiz aqlu zakovatining, iqtidor va iste’dod quvvatining yorqin tantanasi bo‘lishini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, davlat va jamoat arboblari, xorijiy va mahalliy olimlar, professor-o‘qituvchilar tomonidan “Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining o‘ziga xos xususiyatlari, yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar inson qadrini ulug‘lashga, uning orzu-umid, ezgu maqsadlarini ro‘yobga chaqarish uchun xizmat qilayotgani, bunyodkorlik ishlarida birdam bo‘lish, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda munosib hissa qo‘shish kabi fikrlar bildirildi.

Shundan so‘ng xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya majlisi “Renessansning tarixiy, siyosiy va madaniy shart-sharoitlari, shakllanish omillari”, “O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy asoslari”, “Jahon va O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari”, “Uchinchi Renessansni shakllantirishda turizm sohasi samaradorligini oshirish mexanizmlari”, “Uchinchi Renessansni shakllantirish sharoitida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish” mavzularida, sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z ishini boshladi.

Anjumanda 200 ga yaqin xorijiy hamda mahalliy soha vakillari tomonidan ma’ruzalar qilindi. Sohada mavjud muammolar, ularga yechim topish, ilmiy tadqiqotlar natijalari o‘rtoqlashildi. Anjuman tashkilotchilari tomonidan “Uchinchi Renessansni shakllantirishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga kelib tushgan maqolalar hamda mutaxassislar tomonidan qilingan ma’ruzalar matni to‘plam holida nashr etildi.

 

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech