Bugun Urganch shahrida “Inson- jamiyat-davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya ish rejasiga binoan, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Yevropa ittifoqi delegatsiyasi ko‘magida o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlari vakillari, 300dan ziyod milliy ekspertlar, Oliy Majlis senatorlari va deputatlari, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari oflayn va onlayn formatda ishtirok etmoqda.
Forumda Xorazm viloyati hokimi, senator Farxod Ermanov Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Chobanu, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vaqtinchalik vakili Mindaugas Kacherauskis so‘zga chiqib anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni o‘z ichiga oluvchi Urganch deklaratsiyasini qabul qilish nazarda tutilgan.
- Qo'shildi: 20.06.2022
- Ko'rishlar: 3778
- Chop etish