O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi doirasida jamoatchilik eshituvi shaklidagi tadbir o‘tkazildi

«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bugun 25 iyundan 5 iyulgacha umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari birinchilardan bo‘lib mazkur Qonun loyihasining umumxalq  muhokamasini boshlab berdilar.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi”ning umumxalq  muhokamasi doirasidagi ilk tadbir jamoatchilik eshituvi shaklida o‘tkazildi.

Videokonferensloqa formatida tashkil etilgan Jamoatchilik eshituvida Markaziy studiyadan  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosarlari, bo‘lim mudirlari, tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari mutasaddilari, yirik korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari,  hududiy studiyalardan esa Kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy Kengashlari mutasaddilari,  tarmoq kasaba uyushmalarining hududlardagi mas’ul tashkilotchilari, korxona va tashkilotlarning boshlang‘ich va birlashgan kasaba uyushma qo‘mitalari raislari, jami 1500 nafar kasaba uyushma faollari ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafikov olib bordi.

– Ma’lumki, joriy yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashib, o‘zlarining tarixiy ma’ruzalarida bir qator aniq takliflarni bildirdilar, – deya ta’kidladi o‘z so‘zida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Senator Qudratilla Rafikov. – Davlatimiz Rahbarining takliflari 4 ta asosiy yo‘nalishni, ya’ni, “Inson qadr-qimmati va manfaatlari”, “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”, “Adolatli fuqarolik jamiyati” va “O‘zbekiston huquqiy davlat” masalalarini qamrab oldi. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda “Inson – jamiyat – davlat” degan metodologik yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirish lozimligini alohida ta’kidlab, yana
2 ta tarixiy tashabbus – Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasidan o‘tkazish hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendum yo‘li bilan qabul qilish tashabbuslarini ilgari surdilar, va mana shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam” deb yuksak g‘urur bilan ayta olishini alohida ta’kidladilar.

Qayd etish lozimki, mamlakatimiz Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga hayot ham, xalqimizning dunyoqarashi ham o‘zgarmoqda. Ayniqsa, oxirgi 5 yil ichida Prezidentimiz tashabbuslari bilan inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz turmush darajasini oshirish maqsadlarida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, barcha sohalarni qamrab olgan islohotlar jamiyatimizda ko‘plab yangilanishlarga zamin yaratdi. Shu bois ham so‘nggi yillarda fuqarolar tomonidan Konstitutsiyamizni takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab fikrlar bildirib kelinayotgan edi. Bundan kelib chiqqan holda joriy yilning may oyida Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, o‘tgan bir oy davomida mazkur komissiyaga xalqimizdan 60 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich jamiyatimizda fuqarolik jamiyati, xalqimizda esa Davlat taqdiriga daxldorlik hissi shakllanganligidan dalolat beradi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Jamoatchilik eshituvi shaklida tashkil etilgan muhokama jarayonida bugun mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirgani alohida ta’kidlandi. Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi Bosh qomusimizning      64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutishi, shuningdek, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilayotgani qayd etildi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashgdek ezgu maqsadlarga qaratilgani e’tirof etildi. Bir so‘z bilan aytganda mazkur jamoatchilik eshituvi orqali konstitutsion islohotning mazmun-mohiyati ochib berildi.

Alohida ta’kidlash zarurki, tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ishtirokidagi uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish yuzasidan bildirilgan takliflarni to‘la qo‘llab-quvvatladilar. Shuningdek, videokonferensaloqa formatidagi umumxalq muhokamasida respublikamizning turli hududlaridan ishtirok etayotgan kasaba uyushma faollari tomonidan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Qayd etish zarurki «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgunga qadar Bosh qomusimizga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha turli sohalarda mehnat qilayotgan 6 milliondan ortiq kasaba uyushma a’zolari va faollarining aksariyati tomonidan ko‘plab takliflar berildi. Mana shundan ham ko‘rinib turibdiki, bugun Yangi O‘zbekiston fuqarolari mamlakat taqdiriga befarq emaslar va ular Vatanimiz taqdirini belgilaydigan muhim jarayonda bevosita ishtirok etmoqdalar.

Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, Davlatimiz rahbari «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini referendum yo‘li bilan qabul qilish taklifini ilgari surdilar. Bundan ko‘zlangan maqsad – har bir fuqaroning o‘z fikrlarini erkin aytishi uchun keng imkoniyat yaratib berish va Bosh qomusimizning tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga erishishdir.

Tadbirda mehnat jamoalarida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘tkazilayotgan umumxalq muhokamalarida kasaba uyushma faollari tomonidan bildirilayotgan takliflarni umumlashtirish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha takliflarni umumlashtiruvchi Respublika shtabi tuzilgani, Federatsiyaning hududiy kengashlarida esa muvofiqlashtiruvchi guruhlar tashkil etilgani, ularning asosiy vazifasi barcha hududlardagi mehnat jamoalarida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama etish jarayonlarida bildirilgan takliflarni umumlashtirgan holda Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish ekanligi qayd etildi.

Tadbir so‘ngida 6 millionlik kasaba uyushma a’zolari sonidan kelib chiqqan holda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining yakunlovchi uchinchi bosqichi, ya’ni referendum ishtirokchilarining har 3 nafardan 1 nafari kasaba uyushmalari a’zosi ekanligi ta’kidlanib,  ularning barchasi umumxalq muhokamasida yanada faol qatnashishga chaqirildi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari

 

Powered by GSpeech