KONSTITUTSIYaVIY QONUN LOYIHASI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 27 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Ma’lumki, joriy yil 24 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasiga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.  Shunga ko‘ra, joriy yil 25 iyun kunidan boshlab, mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi va bugunning eng muhim mavzusiga aylandi.

Davra suhbatida qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiyaga o‘tgan bir oy davomida kelib tushgan 60 mingdan ortiq takliflar mamlakatimizda 2016 yildan boshlangan ochiqlik, oshkoralik siyosatining amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Konstitutsiyaga bugungi kunda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan aylangan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham bir qator muhim o‘zgartishlar kiritilmoqda. Tadbirda ayni yo‘nalishda nazarda tutilayotgan o‘zgarishlar va ularning ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashishning inctitutsional asoslari va uning parlament bilan munosabatlari mutahkamlab qo‘yilmoqda. Xususan, parlamentning O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga karshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish vakolati Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash to‘g‘risidagi Farmonni Senat tomonidan tasdiqlash tartibi Konstitutsiyada belgilanmoqda.

Yangi loyihada korrupsiyaga qarshi kurashda eng muhim omil - ochiqlikni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, har kim Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga egaligi belgilanmoqda. Shu bilan birga har bir fuqaroning hayotiga daxldor bo‘lgan masala davlat byudjeti va qarzini shakllantirish hamda ijro etish tartibi ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshirilishi,  fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlari uning ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari va ularning tarkibi endilikda Konstitutsiyamizda aniq ochib berilmoqda. Ya’ni, mahallalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va shaxslarning boshqa jamoat birlashmalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi belgilanmoqda.

Davra suhbatida Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov tomonidan  bu boradagi o‘zgarishlarning tub mohiyati va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech