Bosh prokuratura akademiyasida marhum professor Eminjon Egamberdievning 80 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiya shu mavzuga bag‘ishlandi.
Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov moderatorlik qilgan anjumanni Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i Yevgeniy Kolenko, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori, professor Omonboy Okyulov kirish so‘zlari bilan ochib berishdi.
Ta’kidlanganidek, har bir inson xotirasi boqiy bo‘lishi uchun u o‘zidan solih avlod, ilmiy meros va sodiq shogirdlar qoldirishi kerak. Xushfe’l va samimiy olim E.Egamberdiev ham aynan shunday ibratli insonlar qatorida mangu yodimizda qoladi.
Konferensiya ishi “Kamtar va fidoyi olim (professor Eminjon Egamberdievning hayoti va ilmiy ijodi)”, “Fuqarolik protsessual huquqiy fanlarni rivojlantirish istiqbollari” va “Fuqarolik protsessual qonunchilikni takomillashtirish masalalari” mavzularidagi uchta sessiyada olib borildi.
Jarayonda namoyish etilgan E.Egamberdievning hayoti va ijodi haqidagi fotorolik ustozning umr yo‘lini barchaning ko‘z o‘ngida go‘yo jonli gavdalantirdi.
O‘zbekiston fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor Xalimboy Boboev, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Uzoq Bozorov, Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i Mirzayusup Rustambaev, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov, qator nufuzli nazariyotchi va amaliyotchilar, shuningdek, farzandlari, shogirdlari va boshqa ma’ruzachilar olimning hayoti, ilmiy va mehnat faoliyati, odamiylik fazilatlari, mamlakatimiz fuqarolik protsessual huquqi fanini rivojlantirish va takomillashtirishdagi o‘rni, yuridik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashdagi ilmiy va pedagogik maktabi haqida o‘z xotiralari va fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, so‘z olganlar tomonidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, F.Otaxonov Internet jahon axborot tarmog‘ida O‘zbekiston ilmiy hamjamiyatining marhum va hayot bo‘lgan akademik, professor, fan doktorlari haqidagi batafsil ma’lumotlarni ularning tarjimai holini, mehnat va ilmiy faoliyati natijalarini ko‘rsatgan holda vikilug‘atga kiritish taklif qilindi.
Ikkinchi va uchinchi sessiyalar ishi Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori, professor Zamiraxon Esanovaning “Fuqarolik protsessual huquqi fanini o‘qitishning o‘ziga xos jihatlari”, Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Ma’rufjon Tojiboevning “Fuqarolik protsessual qonunchilikni takomillashtirishning dolzarb muammolari”, Sudyalar oliy maktabi professori, yuridik fanlar doktori Komil Sindorovning “Fuqarolik va iqtisodiy ishlarni sudda ko‘rishda prokuror ishtiroki: nazariya va amaliyot” mavzularidagi ma’ruzalaridan iborat bo‘ldi.
Tashkilotchilar tomonidan konferensiya natijalari bo‘yicha to‘plam tayyorlanishi rejalashtirilgan.
- Qo'shildi: 29.06.2022
- Ko'rishlar: 4561
- Chop etish