Polshada O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi

VARSHAVA, 6-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasida O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda ekspert-tahlil, akademik, ishbilarmon doiralar, keng jamoatchilik vakillari, yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Brifingdan ko‘zlangan maqsad Polsha jamoatchiligini O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun–mohiyati va ahamiyati, ularning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatla amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarni yana-da chuqurlashtirishdagi o‘rni haqida xabardor qilishdan iborat bo‘ldi.

Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari bugungi kunda mamlakatimiz «Inson shaʼni va qadr-qimmati yo‘lida» ustuvor tamoyilini amalga oshirishga qaratilgan eng muhim siyosiy tadbir arafasida ekanini taʼkidladi. Bu muhim jarayonda jamiyatning barcha aʼzolarini faol jalb etish maqsadida umummilliy referendum o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu O‘zbekistonning asosiy demokratik tamoyillarga sodiqligini ko‘rsatadi. Bo‘lajak referendumning tashkil etilishi ham konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi har bir shaxsning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, uning manfaatlarini eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etishdan iborat ekanidan dalolat beradi.

Ishtirokchilar konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, ustuvor yo‘nalishlari, islohotlar muhokamasi va bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining ishtiroki, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiyasi aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqi bilan tanishtirildi.

Polsha Tabiiy va gumanitar fanlar universiteti professori Yeji Shukalski o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashar ekan, konstitutsiyaviy islohotlar demokratik, ochiq va oshkora jarayonda kechmoqda, degan fikrni bildirdi.

-Joriy yil iyun oyida Urganchda bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha xalqaro konferensiyadagi ishtirokim davomida demokratik islohotlar «Inson - jamiyat – davlat» tamoyilini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor va yangi platforma yaratganini shaxsan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldim, - dedi u.

Polshalik ekspertning fikricha, Konstitutsiya matniga AKT, ekologiya sohasidagi yangi huquqlarning kiritilishi, shuningdek, ayollar, bolalar, nogironlar huquqlarini himoya qilish kafolatlarining mustahkamlanishi O‘zbekiston jahon hamjamiyatining ustuvor yo‘nalishlariga mos ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.

Gojuv-Velkopolski shahridagi Yakub Paradiz nomidagi akademiya professori Yaanush Sobon konstitutsiyaviy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri - farovon davlat tamoyilini amalga oshirish ekanini eʼtirof etdi.

-Davlatlarning o‘z fuqarolariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishi bugungi sharoitda juda muhim, - dedi u. - Malakali tibbiy yordam ko‘rsatish borasida taklif etilayotgan o‘zgarishlardan ham mamnunmiz. Koronavirus pandemiyasi barchamizga sog‘liqni saqlash tizimining qanchalik muhimligini namoyish etdi.

“Polsha-Sharq” hamkorlik uyushmasi prezidenti Yosif Brill Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonda dafn etilgan polshalik askarlar xotirasiga doimiy eʼtibor qaratilayotgani uchun o‘zbekistonliklarga minnatdorlik bildirdi.

Konstitutsiyada aks etgan fuqarolik jamiyatining roli davlatning taraqqiyotga qanday intilishini ko‘rsatib berishini taʼkidladi. Uning fikricha, fuqarolik jamiyatining faol ishtirokisiz mamlakatni barqaror rivojlantirish va dunyo bilan aloqalarini mustahkamlash mumkin emas. O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, xususan, ijro hokimiyati faoliyati, byudjet jarayoni ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda to‘g‘ri yo‘l tanlamoqda. Nodavlat sektorning ovozi, albatta, mamlakat rivojiga hissa qo‘shadi, deb urg‘uladi ekspert.

«Polonia Union» jamg‘armasi prezidenti Shcheslav Skarzinskiy  yoshlarning konstitutsiyaviy islohotlarda faol ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyada yoshlarning rivojlanishi uchun sharoit yaratish sohasidagi davlat majburiyatlarining mustahkamlanishi kelajak avlod uchun yuksak masʼuliyatni namoyish etadi.

Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlarning aksariyati fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Polsha ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning borishini yoritish va mamlakat sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish bo‘yicha  ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalarini keng yoritishga tayyorlik bildirdi.

Powered by GSpeech