TOKIO, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaga safari doirasida bugun Yaponiya Xalqaro aloqalar instituti (JIIA) bosh direktori Tomoko Ichikava bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Adliya vazirligi, Barqaror rivojlanish markazi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, “Yuksalish” umummilliy harakati vakillaridan iborat delegatsiyaning Kunchiqar mamlakatga tashrifidan ko‘zlangan maqsad Yaponiya rasmiy idora va tahliliy markazlari vakillarini O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun–mohiyati va ahamiyati, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarni yana-da chuqurlashtirishdagi o‘rni haqida xabardor qilishdan iborat.
Uchrashuvda Yaponiya vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda konstitutsiyaviy islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirildi.
Yapon tomoni, o‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va keng ko‘lamli o‘zgarishlarni, xususan, inson huquqlarini taʼminlash, gender tengligi yo‘nalishidagi say-harakatlarni yuqori baholab, ushbu jarayonga qiziqish katta ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar mintaqaviy va xalqaro hamkorlik, jumladan, O‘zbekiston tahliliy markazlari va JIIA o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davom etmoqda.
- Qo'shildi: 13.07.2022
- Ko'rishlar: 4899
- Chop etish