Tokioda O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi

TOKIO, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaga tashrifi doirasida bugun Yaponiya parlamentida mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar – inson huquqlarini taʼminlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning asosi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, “Yuksalish” umummilliy harakati va Barqaror rivojlanish markazi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari hamda Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Taro Xonda, ushbu mamlakat parlamenti aʼzolari, siyosiy, akademik va ekspert-tahlil doiralari vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Yaponiya jamoatchiligini O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun–mohiyati va ahamiyati bilan tanishtirish va ushbu masalalar yuzasidan fikr almashishdan iborat bo‘ldi.

Delegatsiya aʼzolari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, inson huquqlari, ijtimoiy davlat, yoshlar masalalari bo‘yicha kiritish taklif qilinayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida maʼruzalar qilindi hamda batafsil maʼlumot taqdim etildi.

Yaponiya siyosiy va ekspert doiralari vakillari xalqaro konstitutsiyaviy tajriba haqida so‘z yuritib, konstitutsiyaviy islohotlarda mahalla, konstitutsion sud, ekologiya yo‘nalishlarida tegishli takliflar bildirdi. Tadbirda ishtirok etgan vatandoshlar ham takliflarini ilgari surib, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyish etdi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, dunyodagi ilg‘or konstitutsiyaviy amaliyotni joriy etish bo‘yicha fikr-mulohazalari va qarashlarini bildirdi.

Powered by GSpeech