2022 yil 29 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidovning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha oliy komissari K.Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
A.Saidov muloqot avvalida mehmonlarni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, yurtimizda bo‘layotgan Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berdi.
Ta’kidlanganidek, aholining Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga o‘z taklif va fikr-mulohalarini yuborishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, mobil aloqa kompaniyalari orqali mamlakatimiz fuqarolariga Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan o‘z takliflarini yuborish mumkinligi to‘g‘risida 30 milliondan ortiq abonentga SMS-xabarnomalari yuborildi. Natijada qonun loyihasi yuzasidan berilgan takliflar soni keskin oshdi va hozirgi kunga qadar 100 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, bugun yoshlar mamlakatimizda bo‘layotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga faol ishtirok etmoqda va aniq fuqarolik pozitsiyalarini bildirmoqda. Ayni vaqtga qadar kelib tushgan takliflarning salmoqli qismini yoshlar tomonidan yuborilgan takliflar tashkil etayotgani e’tiborga molikdir.
Suhbat chog‘ida delegatsiya a’zolari berilgan keng qamrovli va tahliliy axborot uchun minnatdorlik bildirib, Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilishini bildirdi.
Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Mehmonlarga aholi o‘z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga zamonaviy vositalar — “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali yuborish imkoniyati yaratilgani haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, bosma matbuot nashrlari, televidenie va radio orqali ham takliflar qabul qilinayotgani, joylarda mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda xalq deputatlari Kengashlari aholining takliflarini og‘zaki yoki yozma shaklda qabul qilinayotgani xususida ham so‘zlab berildi.
Delegatsiya a’zolari shu kuni Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati faoliyati bilan ham tanishib, amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 01.08.2022
- Ko'rishlar: 4972
- Chop etish