Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchilik masalasi bo‘yicha oliy komissari K.Abduraxmanov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
A.Saidov muloqot avvalida mehmonlarga mamlakatimizda kechayotgan Konstitutsiyaviy islohot yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, aholining Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga taklif, fikr-mulohaza yuborishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, mobil aloqa kompaniyalari orqali 30 milliondan ortiq abonentga Konstitutsiyaga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish yuzasidan SMS-xabarnoma yuborildi. Natijada qonun loyihasiga taklif soni keskin oshib, hozirgi kunga qadar 100 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.
Qayd etilganidek, bugun yoshlar ham ayni jarayonda faol ishtirok etib, aniq fuqarolik pozitsiyasini bildirmoqda. Komissiyaga kelib tushgan takliflarning salmoqli qismi yoshlar tomonidan yuborilgani e’tiborga molik.
Suhbat chog‘ida delegatsiya a’zolari berilgan keng qamrovli va tahliliy axborot uchun minnatdorlik bildirib, Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Mehmonlarga Konstitutsiyaviy komissiya takliflarni zamonaviy vositalar — “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markaz, pochta aloqasi, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i messenjeridagi maxsus bot orqali qabul qilish imkoni yaratilgani haqida ham ma’lumot berildi.
Shuningdek, bosma matbuot nashrlari, televideniye va radio orqali ham taklif qabul qilinayotgani, joylarda mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda xalq deputatlari Kengashlari aholi fikrini og‘zaki yoki yozma shaklda yig‘ishi mumkinligi xususida ham so‘zlab berildi.
YeXHT vakillari Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati faoliyati bilan ham tanishib, amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 02.08.2022
- Ko'rishlar: 4608
- Chop etish