Nyu-Yorkda O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning ochiqligi yuqori baholandi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar dunyo jamoatchiligining, xorijdagi vatandoshlarimizning e’tiborida bo‘lib turibdi.

Nyu-York shahrida AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi binosida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Taniqli jamoat va siyosiy arboblar, nufuzli ekspertlar, yirik tadbirkorlardan iborat Kongress rahbariyati va yetakchi vakillar ishtirok etgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Mamlakatimiz Bosh Qomusiga kiritilayotgan o‘zgartishlarning umumxalq muhokamasida aholining barcha qatlamlari va fuqarolik jamiyati faol ishtirok etgani, yoshlarning o‘ziga xos tashabbuskorligi va ijodkorligi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, ko‘pmillatli xalqimizning boy madaniyatini asrab-avaylash va yuksaltirish, vatandoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida kiritilayotgan o‘zgartishlar haqida ma’lumot berildi.

Davra suhbati qatnashchilari konstitutsiyaviy islohotlar hamda bu jarayonning shaffofligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Amerikalik ekspertlar so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi qiyofasi tubdan o‘zgargani, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va demokratik islohotlarning namunasi sifatida namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.

AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti B.Kandov O‘zbekiston xalqi uchun muhim siyosiy masalani xorijda yashayotgan vatandoshlar ishtirokida ham muhokama etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Kongress Siyosiy departamenti direktori T.Aronova O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha referendum o‘tkazish rejalari haqida ijobiy fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu eng ilg‘or demokratik standartlar va xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga mos keladi.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan «Buxarian Tayms» gazetasi bosh muharriri va Buxoro yahudiylari markazi prezidenti ham O‘zbekistonning faol tashqi siyosati, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, konstitutsiyaviy islohotlar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

M.Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech