Minskda A.Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi

Belarus davlati poytaxti Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” hamda “Ikkinchi jahon urushi va O‘zbekiston xalqi” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ushbu shaharda joylashgan mamlakatimiz Elchixonasi ma’lum qildi.

Taqdimot Belarus Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Savdo maslahatchisi kuni – 2022” tadbiri va “Brest – qahramon qal’a” yodgorlik majmuasi ziyorati doirasida tashkil etildi. Unda Belarus mutasaddi idoralari rahbariyati, diplomatik korpus, akademik muassasalar va tadbirkor doiralar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda xalqimizning 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasi, fashizmga qarshi janglarda qatnashgan yurtdoshlarimizning qahramonliklari e’tirof etildi. O‘sha mudhish davrda frontorti ta’minoti, ya’ni O‘zbekistondan jang maydonlariga muntazam ravishda yetkazib turilgan qurol-yarog‘, oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur mahsulotlar hujumda keskin burilishga sabab bo‘lganligi alohida ta’kidlandi.

Xususan, “Brest – qahramon qal’a” yodgorlik majmuasi direktori o‘rinbosari Yelena Mityukova urushning ilk kunida Brest qal’asida fashizm hamlasiga mardlarcha qarshi turib, Vatan himoyasi uchun ko‘kragini qalqon qilganlar orasida o‘zbek jangchilari ham bo‘lganligi haqida so‘zladi. Uning qayd etishicha, o‘zbekistonliklar dushmanga qarshi mardonavor kurashganlar.

Bu o‘rinda, jumladan, Jizzax viloyati Zomin tumanida tavallud topgan Avazmat Niyozmatovning jasorati alohida e’tirof etilishi bejiz emas. Ushbu qahramon yurtdoshimiz Brest qal’asidan chiqib ketayotgan qo‘shinlarni himoya qilib turgan. Bu mas’uliyatli va qaltis jarayonda fashist bosqinchilari bilan yuzma-yuz jang qilgan. Eng asosiysi, Avazmat Niyozmatov dushman hujumini bir muddat to‘xtatib qo‘ygan. Ammo, kuchlar teng bo‘lmagan olishuvda – urushning birinchi kunida – o‘zbek o‘g‘loni qahramonlarcha halok bo‘lgan.

Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi Aleksandr Golovoryov Ikkinchi jahon urushining suronli yillarida qaqshatqich janglar kechgan hududlarda, shu jumladan  Belarusda istiqomat qilgan minglab ziyolilar, olimlar va yetim-yesirlar O‘zbekistonda panoh topganlari, yaradorlar davolanganlari, yosh bolalar mehr-oqibat ko‘rganlari haqida to‘xtaldi. Shu ma’noda, o‘zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi ulkanligini ta’kidlar ekan, notiq belarus xalqi bundan hamisha minnatdorligini bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech