“AIF”: O‘zbekistondagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar Konstitutsiya bilan mustahkamlanadi

Rossiyaning eng ommabop nashrlaridan biri – “AIF” haftaligida Rossiya hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquq instituti yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlar nomzodi Sergey Chirkinning mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi.

— O‘zbekiston — qadimiy an’ana va tarixga ega mamlakat, — deb yozadi muallif. — O‘zbek xalqi jahon va Islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Shu ma’noda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlarni huquqiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan moddalar bilan mustahkamlagan holda zamonaviy taraqqiyotning ko‘plab savollariga javob berish vaqti keldi. Bu galgi islohot 1992 yil Konstitutsiyasining bir qator asosiy qoidalariga ta’sir qiladi, bandlarni o‘zgartiradi va to‘ldiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qomusni yangilashda to‘rt ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi. Bu yerda birinchi va eng muhim yo‘nalish inson huquqi va erkinligi, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati hamda manfaatini himoya qilish.

Olim yangi loyihaga turli sohalar bo‘yicha kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalarni “ijtimoiy”, deb atagan. Uning yozishicha, O‘zbekistonda jamiyat keng ko‘lamda yangilanmoqda. Ayni o‘zgarish Konstitutsiya bilan mustahkamlanishi, ya’ni qonun ijodkorligi faoliyati orqali amalga oshiriladigan jarayon yanada muhim bosqichning boshlanishini anglatadi.

«Konstitutsiya muqaddimasida mustahkamlab qo‘yilgan O‘zbekiston tashqi siyosatining tamoyillari: O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik va hurmat, tinchlik, totuvlik asosidagi ahil, do‘stona munosabatni mustahkamlash istagi barcha tashabbuslar muvaffaqiyatining muhim sharti bo‘ladi», deya xulosa qiladi “AIF” gazetasi.

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech