2022 yil 24 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan aholini, ayniqsa nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ijtimoiy adolat prinsiplaridan kelib chiqib moddiy qo‘llab-quvvatlash, turmush hamda hayot darajasini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maksadida ishlab chiqilgan. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o‘tmasa), I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.
Qonun loyihasi bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Savol-javoblarga boy bo‘lgan majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 25.08.2022
- Ko'rishlar: 5281
- Chop etish