Milliy markaz xodimlari – “Adolat fasli”da

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi O‘zbek milliy akademik drama teatrida namoyish etilayotgan “Adolat fasli” spektaklini tomosha qildilar.  

Ushbu sahna asarida ulug‘ ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, xususan, Amir Temur hazratlarining adolatli davlat boshqaruvi haqida hikoya qilinadi. Ulug‘ Sohibqiron bobomizning adolatli davlat boshqaruvini tarixiy dalillar orqali badiiy ifoda etgan mazkur asar Milliy markaz jamoasida katta taasurot qoldirdi.

Binobarin, spektaklda tarannum etilgan odillik va insoniylik tamoyillari har bir qalbda ezgu tuyg‘ularni jo‘sh urdiradi. Bu, o‘z navbatida, inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislarning faoliyatiga yangi kuch va ilhom berishi shubhasiz.

Ma’lumot uchun: “Adolat fasli” tarixiy dramasi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim qalamiga mansub. Spektakl rejissyorlar O‘zbekiston san’at arbobi Baxtiyor To‘raev hamda Asqar Xolmo‘minov tomonidan sahnalashtirilgan.

Adolatli hukmdor Amir Temur obrazini O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diev katta mahorat bilan ijro etgan. Shuningdek, Davron Karimov (Mironshoh rolida), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hamid Toshpo‘latov (Mahmud Shahob Xurosoniy rolida), Abror Saynazarov (Nasriddin Mahmud obrazida), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shodiya Abduqodirova (Xonzoda rolida) singari aktyorlarning ijrosi ham kasbdoshlarimiz olqishiga sazovor bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech