Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Ilm-fan va ta’limning innovatsion rivojlanishi: hozirgi holati va taraqqiyot tamoyillari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, shuningdek, yurtimiz va xorijning bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ilm-fanni muntazam isloh qilib borish, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan.
Konsepsiyada ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga yo‘naltirish va yutuqlarini rag‘batlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi maqsadli ko‘rsatkich va indikatorlar belgilab olingan. Ayni yo‘nalishdagi vazifalar mamlakatimizni isloh etish va yangilash jarayonlarini jadallashtirib, “Uchinchi Renessans” poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov so‘z olib, ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 03.10.2022
- Ko'rishlar: 4682
- Chop etish